Ikki mamlakat vakillari bu bo`yicha kelishuvga erishdi.
Investisiya va tashqi savdo vazirligi bergan xabarga ko`ra, Minskda O`zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o`rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha Qo`shma Hukumatlararo komissiyaning 9-yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unga Jamshid Xodjaev va Belarus Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari hamraislik qilgan.

Yig`ilish kun tartibi doirasida investisiyaviy, savdo-iqtisodiy, sanoat, ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikning keng ko`lamli masalalari ko`rib chiqilgani aytiladi.

Ikki davlatrahbarlarining sa`y-harakatlari tufayli O`zbekiston va Belarusiya o`rtasidagi munosabatlar yuqori va barqaror rivojlanish dinamikasi bilan ajralib turishi va bu, o`z navbatida, ustuvor yo`nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi ta`kidlangan.
Shuningdek, investisiyalar sohasidagi hamkorlik va sanoat kooperasiyasini rivojlantirishning ijobiy tendensiyalari muhokama qilingan.

"Sanoat kooperasiyasi sohasida hamkorlikning yangi yo`nalishlari va qo`shma tashabbuslarni ishlab chiqish maqsadida shu yilning sentyabr oyida Toshkent shahrida O`zbekiston-Belarusiya biznes Kengashining ikkinchi yig`ilishini o`tkazishga kelishildi.
IT va innovasiyalar sohasidagi hamkorlik masalalari bo`yicha fikr almashildi. Belorussiyada 2023 yilning birinchi yarmida fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik bo`yicha Belarusiya-O`zbekiston komissiyasining 2-yig`ilishini qatnashchilarning bevosita ishtirokida o`tkazish, shuningdek, tasdiqlangan qo`shma Ilmiy-texnikaviy va innovasion hamkorlik dasturini IT, raqamlashtirish va yuqori texnologiyalar sohasidagi yangi tashabbus va loyihalar bilan boyitish to`g`risida kelishuvga erishildi.
Madaniy-gumanitar hamkorlikka, xususan, ta`lim va turizmni rivojlantirish sohasidagi munosabatlarga alohida e`tibor qaratildi. Belarusiya fuqarolari uchun «Oila uchun turizm», «Quyoshli ta`til», «Vitaminli tur», «O`qish va sayohat» kabi maxsus turistik xizmatlarini tashkil etishga tayyorlik bildirildi. Belarusiyalik hamkasblar joriy yilning noyabr oyida bo`lib o`tadigan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi va 2023 yilda Samarqand shahrida o`tkazilishi rejalashtirilgan BMT jahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasida ishtirok etishga taklif qilindi. 2023-2026 yillarda O`zbekiston va Belorussiyaning etakchi oliy o`quv yurtlari o`rtasida «Yo`l xaritasi»ni ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek, O`zbekistonda «Belarus kinosi kunlari» va Belorussiyada «O`zbek kinosi kunlari»ni o`tkazishga kelishib olindi",-deyiladi xabarda.






