1

Autizmni erta aniqlash yo`li topildi

Salomatlik 29.08.2022, 00:23
Autizmni erta aniqlash yo`li topildi

Ma`lumki, autizm — ruhiyatning buzilishi bilan bog`liq holat. Ushbu tashxis qo`yilgan jajji bemorlar tashqi olam, atrofdagilar bilan muloqot qilishni istamaydi. Yolg`izlikni xush ko`radi. Bir xil xatti-harakat va so`zlarni takrorlaydi.  

Autizmga chalingan bola o`z olamida yashaydi. Fikrlashi boshqalarnikiga o`xshamaydi. Ularning xatti-harakatlarida hissiy kechinmalar asosiy o`rin tutadi.  

Qayd etilishicha, kasallik ko`p hollarda 3 yoshgacha bo`lgan bolalarda paydo bo`ladi. Ammo uning ilk belgilarini aksariyat ota-onalar o`z vaqtida payqay olmaydi. Yaqqolroq alomatlar esa 2-3 yoshli bemorlarda ko`zga tashlanishi ehtimoli yuqori.  

Autizmning ilk bosqichlarida bola ota-onaning ayrim harakatlariga javob qaytarmaydi. Atrofdagi odamlar, qarindosh-urug`lar, ularning farzandlari bilan do`stona va iliq munosabatlar o`rnata olmaydi. Jonsiz buyumlar va odamlarga ham bir xil munosabatda bo`ladi.  

Kasallikka xos asosiy simptomlardan yana biri  bemor bolalarning  o`zgalar ko`zlariga tik qaray olmasligidir. Bunday holatda ular nigohlarini olib qochishga harakat qilishadi.  

Nutqdagi nuqsonlar, intellektual o`yinlarni o`ynay olmaslik, uyqu buzilishlari, tajovuzkorlikka moyillik va qo`rquv ham autizm belgilari bo`lishi mumkin.  

AQShning Vashington universiteti olimlari tomonidan bolalarda uchraydigan autizm kasalligiga erta tashxis qo`yish imkonini beruvchi maxsus ko`z testi ishlab chiqildi.  

“Ushbu xastalikka chalingan bolalarga tibbiy amaliyotda taxminan 4 yoshligida aniq tashxis qo`yiladi", — deydi AQShda o`tkazilgan yuqoridagi tadqiqot rahbari Jorjina Linch. 

— Lekin bu ancha kech muddat. Vaholanki, bunday bemorlarda 18-24 oyligidayoq tegishli muolajalar boshlansa, ularning sog`lom hayotga qaytishi oson kechadi”.

Tadqiqot mualliflari tomonidan ishlab chiqilgan sinov testlari juda sodda. Uni hatto uy sharoitida ham bajarish mumkin. Buning uchun bolaning yorug`likka bo`lgan munosabati kuzatib borilsa, kifoya.  

Masalan, qorachiqlar odatda yorug` muhitda kengayadi. Nur kamroq tushadigan sharoitda esa yana o`z holiga qaytadi. Yuqoridagi testni bajarishda ushbu jarayonning sodir bo`lish tezligini baholash muhim.  

Olimlarning izohlashicha, bu refleks autizm tashxisi qo`yilgan bolalarda sekinroq kechadi va qorachiqlarning asl hajmiga qaytishi uchun ko`proq vaqt talab etiladi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1