1

“Turkiya Madaniyat Yo`li Festivallari”: Turkiya dunyoning minglab san`atkorlari ishtirokidagi katta festivalga tayyorlanmoqda

Madaniyat 09.09.2022, 14:31
“Turkiya Madaniyat Yo`li Festivallari”: Turkiya dunyoning minglab san`atkorlari ishtirokidagi katta festivalga tayyorlanmoqda

Madaniyat va Turizm Vazirligi tomonidan tashkil qilingan “Turkiya Madaniyat Yo`li Festivallari” har qachongidan ham keng qamrovli tadbirlari bilan tez kunlarda mamlakatning beshta shaharida boshlanadi.

16 sentabrdan 23 oktyabrga qadar Istanbul, Anqara, Chanoqqal`a, Diyarbakir va Konya shaharlarida bo`lib o`tadigan festivallarga dunyoning turli davlatlaridan ko`plab sayyohlarning kelishi kutilmoqda.

O`tgan yili ilk marotaba Beyog`lu Madaniyat Yo`li festivali nomi bilan tashkil etilgan va bu yil Anqara Madaniyat Yo`li tadbirlari bilan kengaytirilgan Turkiya Madaniyat Yo`li Festivallari bu safar 5 viloyatda yanada keng qamrovli tadbirlari bilan Turkiyaning madaniyat va san`at sohasidagi imkoniyatlarini namoyish etadi.

15 000 ga yaqin san`atkor ishtirok etadigan festivallar doirasida san`at, kino, adabiyot, raqs, musiqa va raqamli san`at kabi 3000 dan ortiq turli tadbirlarning o`tkazilishi kutilmoqda.

Mazkur festivallar xususida so`z yuritgan Turkiya Madaniyat va Turizm Vaziri Mehmet Nuri Ersoy, mamlakatning madaniy merosini dunyo ommasiga olib chiqish maqsadida tashkil etilayotgan Turkiya madaniyat yo`li festivallari orqali Turkiya shaharlaridagi madaniy yo`nalishlarni rivojlantiribgina qolmay, balki madaniyat va san`atni hamma uchun ochiq holga keltirishni maqsad qilganliklarini ta`kidladi.

Ersoy, “O`tgan yili Beyog`lu Madaniyat Yo`li festivalini o`tkazish bilan boshlagan tashabbusimizni bu safar besh viloyatda juda keng qamrovli tadbirlarni tashkillashtirish orqali yanada keng auditoriyada davom ettiramiz”, - dedi.

Troya madaniyat yo`li festivali

16-25 sentyabr kunlari Chanoqqal`a shahrida bo`lib o`tadigan Troya madaniyat yo`li festivali ko`rgazmalar, konsertlar, uchrashuv va suhbatlar hamda mahorat darslaridan iborat 100 dan ortiq tadbirni o`z ichiga oladi. Festival davomida 1000 dan ortiq san`atkor shaharning 40 dan ortiq maydonlarida o`z chiqishlarini namoyish qiladi.

Istanbul va Anqaradagi festivallar

Beyog`lu va Anqara Madaniyat Yo`li festivallari 1-23 oktyabr kunlari bir vaqtning o`zida o`tkaziladi. Beyog`lu Madaniyat Yo`li festivali doirasida tashkil etiladigan 46 sahnada 6000 dan ortiq san`atkor chiqish qiladi.

Anqara Madaniyat Yo`li doirasida Ulus mahallasidagi 5,7 kilometrlik yo`l bo`ylab tashkil etiladigan 70 ga yaqin sahnada 5000 ga yaqin san`atkor ishtirokida 500 dan ortiq tadbir bo`lib o`tadi.

Diyorbakirda 500 ta tadbir o`tkaziladi

8-16 oktyabr kunlari bo`lib o`tadigan Sur Madaniyat Yo`li festivali doirasida tashkillashtiriladigan 500 ga yaqin tadbir davomida 2000 dan ortiq san`atkor Diyarbakirning madanat va san`at sohasidagi tajriba va an`analarini namoyish qiladi.

Tasavvuf musiqasi uchrashadigan joy – Konya

Turkiya Madaniyat Yo`li festivallari ro`yxatiga kiritilgan 19-Xalqaro Konya tasavvufiy musiqa festivali ham san`at ixlosmandlarini o`ziga jalb qiladi.

Mavlono Jaloliddin Rumiy tavalludining 815 yilligi munosabati bilan 22-30 sentabr kunlari o`tkaziladigan festivalga Turkiya, Ispaniya, Misr, Ozarbayjon, Germaniya, O`zbekiston, Hindiston va Erondan ko`plab musiqachilar taklif etilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1