1

“Fitch Rating” xalqaro reyting agentligi O`zbekistonning suveren kredit reytingi bahosini barqaror darajada tasdiqladi

Iqtisodiyot 10.09.2022, 22:03
“Fitch Rating” xalqaro reyting agentligi O`zbekistonning suveren kredit reytingi bahosini barqaror darajada tasdiqladi

2022 yilning 9 sentyabr kuni “Fitch Rating” xalqaro reyting agentligi O`zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi bo`yicha navbatdagi hisobotini chop etdi. Hisobotga ko`ra, mamlakatimiz suveren kredit reytingining bahosi BB- (barqaror kutilma) darajada tasdiqlandi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi. 

2022 yilning 29-31 avgust kunlari “Fitch” xalqaro reyting agentligining O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi va boshqa idoralar mutasaddi rahbarlari hamda xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlar bilan uchrashuvlari o`tkazildi.

Agentlik O`zbekistonning suveren kredit reytingini yilda ikki marta qayta baholaydi va baholash jarayonida respublikadagi so`nggi iqtisodiy yangiliklar bilan tanishadi.

Hisobotda ta`kidlanishicha, mamlakatimizning mustahkam tashqi va fiskal zaxiralari, mo``tadil davlat qarzi darajasi va “BB” reytingiga ega mamlakatlarga nisbatan yuqori o`sish sur`atlari respublika suveren kredit reytingini qo`llab-quvvatlovchi omillardan hisoblanadi.

Shu o`rinda, mamlakatning xom-ashyo tovarlariga bog`liqligi, institusional va boshqaruv sifati darajalarining sustligi, yuqori inflyasiya darajasi, va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotining (YaIM) pastligi respublika kredit reytingini cheklovchi omillar sifatida keltirilgan.

Qayd etilishicha, O`zbekiston geosiyosiy vaziyatning dastlabki ta`siriga bardosh bera oldi va mamlakat iqtisodiyoti tashki shoklarga qarshi chidamlilik namoyish etishda davom etmoqda.

Xususan, qulay eksport narxlari, qo`llab-quvvatlovchi fiskal siyosat, pul o`tkazmalarining sezilarli oshgani va valyuta almashuv kursining barqarorlashuvi natijasida respublika iqtisodiyoti joriy yilning I yarim yilligida 5,4 foiz o`sishga erishgani sababli agentlik 2022-yilda O`zbekistonning real iqtisodiy o`sish sur`ati bo`yicha kutilmasini 3,1 foizdan 5,1 foizga oshirgan.

Shu bilan birga, “Fitch” tomonidan kelgusi yilda kutilayotgan global o`sishning zaiflashuvi oqibatida 2023-yilda O`zbekiston iqtisodiyoti 4,7 foizga o`sishi va 2024 yilda bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan fiskal konsolidasiya va qishloq xo`jaligi, qurilish va sanoatga ijobiy ta`sir ko`rsatadigan islohotlar natijasida real o`sish sur`ati 5,5 foizga etishi prognoz qilinmoqda.

Hisobotda keltirilishicha, 2022 yilda joriy operasiyalar hisobi defisiti YaIMga nisbatan 2,1 foizgacha pasayishi kutilmoqda. Mazkur kutilma oltin eksporti va oltinsiz eksportning o`sishi va pul o`tkazmalarining sezilarli ortgani bilan izohlangan.  

Agentlik prognoziga muvofiq, xalqaro zaxiralar kelgusi yillarda barqaror (2023-2024 yillarda – o`rtacha 33,5 mlrd. dollar) darajada saqlanib qoladi. 2022-yilda inflyasiya darajasi o`rtacha 11,7 foizni tashkil qiladi va 2024 yilga kelib 9,2 foizga pasayadi.  

“Fitch” prognoziga ko`ra, ijtimoiy soha va investisiya xarajatlarini hisobga olgan holda konsolidasiyalashgan budjet defisiti 2022 yilda YaIMga nisbatan 4,8 foizga etib, 2023 yilda 4,1 foizgacha pasayadi. Davlat qarzining YaIMga nisbati esa 2022 yilda 37,3 foizga etishi, ammo “BB” reytingiga ega davlatlar medianasidan (YaIMga nisbatan 55 foiz) past darajada bo`lishi qayd etilgan.  

Shuningdek, parlament tasdiqlagan “Davlat qarzi to`g`risida”gi qonun loyihasida davlat qarzining YaIMga nisbatan 60 foizlik yuqori chegarasi, yangi jalb qilinadigan davlat qarziga yillik limitlar belgilanishi va davlat qarzi YaIMga nisbatan 50 foizdan oshgan holatlarda qarz hajmini kamaytirish choralari ko`rilishi nazarda tutilganligi alohida e`tirof etilgan.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1