Ijtimoiy tarmoqda Jizzax viloyati Zomin tumanidagi banklardan birining boshqaruvchisi o`z xodimini otib qo`ygani haqida xabarlar tarqaldi. Holatga viloyat IIB rasmiy munosabat bildirdi.
Ma`lum bo`lishicha, 16 sentyabr kuni soat 22:30 larda Zomin tumani “Taraqqiyot” MFYda yashovchi “Xalq banki” Zomin filiali boshqaruvchisi N.M. yashash xonadoni oldida “Xalq banki” Zomin filialida bo`lim boshlig`i vazifasida ishlovchi, spirtli ichimlik ta`sirida bo`lgan N.J. bilan o`zaro tortishib janjallashgan. Oqibatda bank boshqaruvchisi N.M. sport (tir) qurolidan bir marotaba otib, N.J.ga tan jarohati etkazgan.
Shundan so`ng N.J. ko`krak qafasining chap yon qismi yuza jarohati tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari Zomin tumani IIB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan olib borilmoqda.