Avvalroq, Farg`onadagi viloyat bayram tadbirlarida fonogrammada qo`shiq aytish taqiqlanishi, endi ijrochilar sahnada cholg`uchilar bilan birga jonli ijroda kuylashi haqida xabar berilgan edi. Mazkur xabarga Madaniyat vazirligi munosabat bildirdi.
”Farg`ona viloyati hokimligining madaniyat va san`at sohasini yangi bosqichga olib chiqish jarayoniga hissa qo`shish maqsadida bir qator tashabbuslarni ilgari surgani e`tiborga loyiq. Xususan, viloyatda bayram tadbirlarini o`tkazish bo`yicha ishchi guruh tuzish, guruh tarkibiga viloyat madaniyat boshqarmasi mas`ullari, teatrlar rahbarlari, oliy ta`lim muassasalari rektorlari, taniqli san`atkorlar va ijodkorlar kiritilishi, hududda o`tkaziladigan bayram tadbirlari uchun yangi g`oyalar, dasturlar, takliflarni o`rtaga tashlab, biri boshqasini takrorlamaydigan ssenariylar ishlab chiqishga mas`ul bo`lishi xalqimizga taqdim etiladigan madaniy-ma`rifiy tadbirlar saviyasini yanada oshirish nuqtayi nazaridan muhim hisoblanadi.
Biroq viloyat bayram tadbirlarida fonogrammada qo`shiq aytishni taqiqlash borasidagi tashabbus amaldagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmaydi”, - deya ta`kidlanadi vazirlik munosabatida.
Qayd etilishicha, Madaniyat vazirligi doimo jonli ijro tarafdori bo`lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo`lib qoladi.
“Lekin biz fonogrammani taqiqlash evaziga emas, balki jonli ijroni rag`batlantirish, san`atkorlarni qo`llab-quvvatlash hisobiga uni yanada keng ommalashtirish istagidamiz“, - qo`shimcha qilinadi munosabatda.
Ma`lum qilinishicha, Prezidentning “Madaniyat va san`at sohasining jamiyat hayotidagi o`rni va ta`sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to`g`risida” 2020 yil 26 maydagi Farmoniga asosan davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda to`liq jonli ijro asosida o`tkazilgan konsert dasturlari uchun ijara to`lovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy etilgani ham bejiz emas. Bugungi kungacha ko`plab san`atkorlar ushbu imtiyozdan foydalandi va foydalanmoqda. Qolaversa, mazkur rag`bat boshqa qo`shiqchilarning ham jonli ijroga bo`lgan xohish-istagini kuchaytirmoqda.
“Fonogrammadan esa, masalan, televidenie uchun tasvirga olinadigan loyihalar, konsert dasturlari, bayram tadbirlarida sifatni ta`minlash maqsadida rejissyor talabi bilan ayrim o`rinlarda foydalaniladi. Bunday yondashuv rivojlangan davlatlarda ham mavjud.
Shu jihatdan Farg`ona viloyati hokimligidan hududda bo`ladigan bayram tadbirlarida fonogrammada qo`shiq aytishni taqiqlash emas, balki jonli ijrochilarni rag`batlantirish, ularga yanada kengroq imkoniyat berish pozisiyasidan kelib chiqib yondashishni so`rab qolamiz”, - deyiladi Vazirlik xabari yakunida.