AsosiyDunyo

Maymun chechagi epidemiyasi qachon tugaydi? JSST javob berdi

'Maymun chechagi epidemiyasi qachon tugaydi? JSST javob berdi'ning rasmi

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti rasmiy vakili Margaret Xarris dunyoda maymun chechagi infeksiyasi tarqalishi bilan bog`liq so`nggi epidemiologik vaziyat haqida ma`lumot berdi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Uning ta`kidlashicha, hozirgacha mazkur virus aniqlangan mamlakatlar soni 105 taga etgan. Laboratoriya tekshiruvlari natijasida tasdiqlangan kasallik holatlari esa 66,3 mingdan ziyodni tashkil etmoqda.  

Shuningdek, xastalik asoratlari tufayli Shimoliy va Janubiy Amerika, Evropa hamda Afrika qit`alarida yashovchi 26 nafar bemor hayotdan ko`z yumgan.  

Epidemiyadan eng ko`p zarar ko`rgan mamlakatlar ro`yxatida hanuz AQSh etakchi. Bu erda qariyb 25 ming nafar bemor ro`yxatga olingan. Keyingi o`rinda 7,4 mingdan ziyod holat bilan Braziliya bormoqda. Shuningdek, Ispaniyada 7,1 ming, Fransiyada 3,9 ming, Germaniyada 3,6 ming, Buyuk Britaniyada 3,5 ming kishiga maymun chechagi tashxisi qo`yilgan.

JSST vakilining so`zlariga ko`ra, dunyo bo`yicha o`tgan haftada kasallanishlar soni 7,4 foizga kamaygani ijobiy holat. Qolaversa, so`nggi 21 kun ichida 33 mamlakatda yangi holatlar qayd etilmagan. Maymun chechagining inkubasiya davri 21 kun ekanligini inobatga olsak, bu ham yaxshi xabardir.  

 23 mamlakatda esa, afsuski, oxirgi haftada o`sish ko`rsatkichlari qayd etilgan. Ular orasida Ispaniya birinchi o`rinda.  

Epidemiya tez orada tugaydimi?  

Bu savolga M. Xarris “Pasayish dinamikasi — ijobiy belgi, ammo yakuniy xulosa uchun hali erta", deya javob berdi.  

“Muhimi, odamlar JSST tavsiyalariga amal qila boshlagan. Bugun bemorlar va xavf guruhiga mansub qatlam bilan muloqot qilmaslik, kasallik belgilari aniqlanganda, zudlik bilan shifoxonaga murojaat qilish, emlanish  va shaxsiy gigiena qoidalariga qat`iy amal qilishning ahamiyatini anglab etmoqda”, — deydi mutaxassis.

    Boshqa yangiliklar