1

Shoir va dramaturg Haydar Muhammad vafot etdi

Madaniyat 09.10.2022, 17:34
Shoir va dramaturg Haydar Muhammad vafot etdi

O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, taniqli shoir va dramaturg, "Do`stlik" ordeni sohibi Haydar Muhammad bugun, 9 oktyabr kuni 86 yoshida vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi matbuot xizmati ma`lum qildi.

Qayd etilishicha, Haydar Muhammad 1936 yili Toshkentda tug`ilgan. 1966 yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining kechki filologiya bo`limini tugatgan. 1965—1976 yillarda O`zbekiston teleradiosida muharrir, 1976—1980 yillarda Madaniyat ishlari vazirligida mas`ul vazifalarni bajargan. Shuningdek, Hamza nomli Akademik drama teatrida ishlagan.

Uning birinchi she`riy to`plami «Ko`nglim mening» nomi bilan 1975 yilda nashr bo`lgan. Shundan so`ng «Olchamning tug`ilgan kuni» (1978), «Yo`llaringga mushtoqman» (1979), «Ipak gilamlar» (1990), «Hazilkash shoh» (Saylanma, 1994) kabi she`riy va dramatik asarlari, to`plamlari chop etilgan.

«Haydar Muhammadning qator latifa, intermediya, hajviy hikoyalari ‘Mushtum’ jurnali va gazetalarida chop etilib, ‘Tabassum’ radiostudiyasi hamda televizion miniatyuralar teatrida foydalanib kelinadi.

Respublikamiz xalq teatrlari adibning ‘Ipak gilamlar’, ‘Navoiy bir kuni’, ‘Ulug`bek sharofati’, ‘Beruniyning baxt eshigi’, ‘Sevgi jazavasi’, ‘Sobir Rahimov va xoin’, ‘Chiroyli ayolning iltimosi’ kabi asarlarini ham sahnalashtirgan.

Haydar Muhammad tarjimasida ozarbayjon dramaturgi Anorning «Zanjir yoki qiyofalar» (Muqimiy teatri), turkman dramaturgi H. Muxtorning ‘Nevarali kelin’ (Samarqandagi H. Olimjon nomli teatr), boshqird dramaturgi Farid Bogdanovning ‘Tungi mehmon’ (Hamza nomli o`zbek Davlat akademik drama teatri) kabi asarlari o`zbek sahnasiga chiqqan», — deyiladi xabarda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1