Ayni kunlarda shaxmat bo`yicha “Meltwater Champions Chess Tour” onlayn musobaqasi o`tkazilmoqda. Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi ma`lum qildi.
Jahonning reytingi baland grossmeysterlari g`oliblik yo`lida dona surayotgan mazkur musobaqada tezkor shaxmat bo`yicha amaldagi jahon chempioni hisoblangan hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov ortda qolgan 8 tur natijalariga ko`ra, turnir peshqadami bo`lib turibdi.
N.Abdusattorov ortda qolgan uchrashuvlarda Mittal Aditya (Hindiston), Richard Rapport (Ruminiya), David Anton Guijarroni (Ispaniya) mag`lub etib, hindistonlik Arjun Erigaisi bilan durang o`ynadi.
Kecha tunda o`tkazilgan partiyalarda ham Nodirbek ancha ishonchli harakat qildi. Faqat 5-turda u hindistonlik Vidit Santoshga qora donalarda imkoniyatni boy berib qo`ydi.
Oltinchi turda boshqa bir hind grossmeysteri Dommardju Gukesh taslim etildi. Ettinchi partiyada hamyurtimiz qora donalarda o`ynashiga qaramay, hindistonlik taniqli grossmeyster Pentala Xarikrishnani engdi.
Sakkizinchi turda yana qora donalarda harakat qilgan Nodirbek reytingda o`zidan yuqorida borayotgan niderlandiyalik Anish Giri bilan murosaga keldi.
Natijada Nodirbek 5 ta g`alaba, 2 ta durang va 1 mag`lubiyatdan so`ng 24 imkoniyatdan 17 ochko jamg`arib, turnir jadvalida yakka peshqadamlikni davom ettirmoqda. Kuchli uchlikdan ozarbayjonlik Shaxriyar Mamedyarov va jahon tojdori Magnus Karlsen joy olgan. Ular hisobida 16 ochko bor.