Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisida shaharsozlikda nogironligi bo`lgan shaxslarning ehtiyojlarini ta`minlash hamda barcha ijtimoiy infratuzilma ob`ektlaridan moneliksiz foydalanish uchun moslashtirish borasidagi ishlar muhokama qilindi.
Ta`kidlanishicha, Toshkent shahrida bu borada ko`rilayotgan choralarga qaramay nogironligi bo`lgan shaxslarga inklyuziv sharoitlar yaratish masalasida qator muammolar saqlanib qolmoqda. Birgina poytaxtimizning o`zida ijtimoiy infratuzilmasi ob`ektlari va binolarining 85 foizi hanuzgacha nogironlar to`siqsiz foydalanishga moslashtirilmagan.
Bu xususda Senat raisi ayniqsa xalqaro mezonlar talablaridan kelib chiqib, mamlakatda “to`siqsiz muhit”ni shakllantirish masalalariga jiddiy e`tibor qaratish lozimligiga to`xtaldi.
- Bu borada etarlicha muammolarimiz bor. Oddiygina kundalik hayotimizda bunday masalalarga ko`plab duch kelamiz – transportda, ovqatlanish shahobchalarida, xizmat ko`rsatish ob`ektlarida, madaniy – ko`ngilochar muassasalarda nogironligi bo`lgan shaxslar uchun qulay sharoitlar yaratilmagan. Albatta bu vazifa echimi ham bir-ikki kunning ishi emas. Lekin bu yo`nalishda amaliy harakatlarni boshlash vaqti allaqachon kelgan, - dedi T.Narbaeva.
Shuningdek, majlis davomida mavjud kamchiliklar aniq misollar bilan izohlandi. Jumladan, er osti transportidan qulay foydalanish uchun to`liq sharoitlar yaratilmagan. Metro stansiyalarning ko`plari panduslar bilan jihozlanmagan, bu esa shaharsozlik me`yorlari talablariga javob bermaydi.
Nogironligi bo`lgan shaxslar tomonidan shahar er usti transportidan mustaqil foydalanish imkoniyati to`liq yaratilmagan. Ayniqsa, aravachalar yordamida harakatlanadigan nogironligi bo`lgan shaxslar, ko`zi ojizlar va qulog`i og`irlarning erkin harakatlanishi uchun jamoat transportining moslashmagani aytib o`tildi.
Jamoat joylarida nogironligi bo`lgan shaxslar uchun zarur eshitish va ko`rish ma`lumotlari, shu jumladan relef nuqtali Brayl shriftida tayyorlangan ko`rsatkich va belgilar mavjud emas.
Majlisda Fan, ta`lim va sog`liqni saqalash masalalari qo`mitasi ishchi guruhi tomonidan Xorazm viloyatida o`tkazilgan o`rganish natijalari ma`lum qilingan.
Senat ishchi guruhining hisobotiga ko`ra, Urganch davlat universiteti kutubxonasida lift ishlamasligi sababli nogiron talaba ikkinchi qavatdagi o`quv zaliga kira olmagan, brayl yozuvidagi barcha adabiyotlar o`sha erda joylashgan. Urganchdagi ko`zi ojizlar kutubxonasi oldida esa ovozli svetofor va bekatlar yo`q, avtobuslarga maxsus moslamalar o`rnatilmagan.
Yig`ilishda shu va boshqa bir qator holatlar yuzasidan mas`ul tashkilot vakillarining munosabatlari eshitilib, ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilangan.
Ushbu vazifalar yuzasidan aniq muddatlar belgilanib, majlis yakunida Senat Kengashining tegishli qarori qabul qilingan.






