Toshkentda mushtumzo‘rga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “darakchi.uz”ga Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar qildi.
Maʼlum qilinishicha, 21 yoshli sotuvchi yigit soat 07:30 larda yo‘lga chiqadi. U Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan dehqon bozori oldidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lining tartibga solingan piyodalar o‘tish joyida avtomashinasida harakatlanib borayotgan haydovchi bilan yo‘l berish va yo‘ldan o‘tkazib yuborish masalasida o‘zaro janjallashib qoladi. Bezorilik oqibatida, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish maqsadida, haydovchining yuz sohasiga qo‘l mushti bilan bir necha marotaba urib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, haydovchining tanasida bosh miya ochiq jarohati, og‘ir darajali bosh miya lat yeyishi, chap chakka bo‘lagining kontuzion o‘choqlari bilan, chap chakka bo‘lagini o‘tkir subdural gematomasi, kalla suyagi asosiga o‘tgan chap chakka suyagini sinishi, pnevmotsefaliya, chap chakka sohasi yumshoq to‘qimalarini lat yeyishi kabi tan jarohatlari borligi aniqlangan. Ushbu tan jarohatlari yetkazilish vaqtida hayot uchun xavfli bo‘lgan, og‘irlik darajasi bo‘yicha og‘ir tan jarohatlar toifasiga kirishi aniqlangan.
"O‘ng tarafdan avtomashina svetoforning qizil chirog‘i yonganiga qaramasdan harakatlanib kelib, bizni turtib o‘tishiga ozgina qoldi. Shunda мен avtomashinaning haydovchi tarafidagi yon taraf ko‘rish oynasini chap qo‘lim bilan urdim. Shunda haydovchi keyin bir fuqaro tushib, “nima qilyapsan?” deb baqirdi. Fuqaroga “yashil yonib turibdi, biz o‘tishimiz kerak”, deb javob qaytardim. U bilan o‘zaro gap talashib turgan vaqtimizda orqadan kimdir meni itarib yubordi. Zarbadan yerga yiqildim. Keyinchalik meni itarib yuborgan shaxs jabrlanuvchining qonuniy vakili – fuqaroning ukasi ekanligini bildim. Onam u bilan tortishib ketdi. Shu vaqt fuqaro meni yuzimga urdi. Men ham o‘zimni himoya qilishi uchun uning yuziga bir necha marotaba urdim. Oqibatda fuqaro yerga yiqilib qoldi. Shunda ukasi tomon borayotgan vaqtimda bir yigit to‘xtatdi. Onam ikkimiz jabrlanuvchini yo‘lovchi avtomashinaga yotqizib, kasalxonaga olib bordik. Unga og‘ir tan jarohati yetkazish maqsadim bo‘lmagan. Urayotgan vaqtim qo‘limda ҳеч qanday predmet yo‘q edi", - deya qilmishidan pushaymonligini bildirdi aybdor.
"Yigit akamni urganida u yerga yiqilib qolganini ko‘rdim. Darhol akamga tez yordam ko‘rsatishga harakat qildim. Chunki u xushini yo‘qotib, sudrga bo‘lgandi. Akamni o‘sha yerda turgan avtomashinaga o‘tqizib, kasalxonaga olib ketdik. Hozirgacha akam uch marotaba jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi. Hushida emas, sudlanuvchi tomonidan ҳеч qanday yordam ko‘rsatilmadi. Shu bois unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rayman", - dedi sudda jabrlanuvchining ukasi.
SUD ZALIDAN QAMOQQA OLINDI
Bahodir Kayumov, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi:
— Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “ye” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirilishi belgilandi.
Sudlanuvchiga qo‘llanilgan uy-qamog‘i ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, darhol sud zalidan qamoqqa olindi. Manfaatdor tomonlarga jinoyat natijasida yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni undirish masalasi yuzasidan fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqlarini tushuntirildi.






