AOKAda o`tkazilgan brifingda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O`rinboeva davlat xizmatlari ko`rsatish sohasida aholiga yaratilayotgan engilliklar to`g`risida ma`lumot berdi. Ma`lum qilinishicha, 2023 yil 1 yanvardan tug`ilganlik haqida tibbiyot muassasalarida beriladigan QR-kodli ma`lumotnoma gerbli guvohnomaga teng hisoblanadi.
QR-kodli ma`lumotnomani davlat organlari va tashkilotlar tomonidan qabul qilishni rad etish qat`iyan taqiqlanadi.
Tug`ilganlik haqidagi gerbli guvohnoma fuqarolarning istalgan vaqtdagi murojaatlariga asosan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo`limlari tomonidan belgilangan miqdorda gerb yig`imi undirilgan holda rasmiylashtirib beriladi.
Shuningdek, 2022 yil 1 noyabrdan 2023 yil 1 iyulga qadar nikoh tuzish va nikohdan ajratishni qayd etish uchun arizalarni Sirdaryo viloyatining tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish bo`yicha huquqiy eksperiment o`tkazish belgilandi.
O`tkazilgan huquqiy eksperiment natijalari bo`yicha ushbu davlat xizmatlarini davlat xizmatlari markazlari orqali joriy etish maqsadga muvofiq deb topilgan taqdirda, qonunchilik hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimcha kiritiladi.






