So`nggi yillar davomida mamlakatimiz hayoti Yangi O`zbekistonni bunyod etish va mohiyatan bir-birini taqozo etuvchi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va huquqiy islohotlar sari qo`yilgan muhim qadamlar va ijobiy o`zgarishlarga boy bo`ldi.
Ana shunday ezgu qadamlardan biri aholi keng qatlami va saylovchilar xohish-irodasi bo`lmish konstitusiyaviy islohotlarni amalga oshirishdan iborat edi. Zero, har qanday demokrtik islohotlar mustahkam konstitusiyaviy-huquqiy asosga ega bo`lsagina bardavom va samarali bo`ladi.
Konstitusiyaviy islohotlarni barqaror rivojlanishning zarur yuridik zamini, deyish mumkin. O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta`biri bilan aytganda, har bir fuqaroning ongi va shuuridan joy olgan, uning huquq va erkinligini to`liq kafolatlagan Konstitusiyamiz chinakam xalqchil qomusga aylanishi lozim.
Milliy va jahon konstitusiyaviy tajribasini o`rganib, puxta o`ylagan holda kelajak taraqqiyotimizni belgilab beradigan asosiy qonunimizni takomillashtirishni zamoning o`zi talab qilmoqda.
Jahon tajribasini sinchiklab tahlil qilar ekanmiz, bugun dunyoda hech bir davlatning Konstitusiyasi ilk bor qabul qilingan tahririda saqlanib qolmaganiga guvoh bo`lamiz. Birgina XXI asrda dunyoning 90 ga yaqin davlatida Konstitusiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi, 57 ta davlatda keskin baxs-munozaralardan so`ng yangi qomus qabul qilindi.
Shu o`rinda ta`kidlash zarurki, har qanday zamonaviy demokratik davlat Konstitusiyasida o`ziga xos muayyan bir kamchiliklar mavjud.
Shu bois, Konstitusiyaviy islohotlar jarayonida amaldagi Konstitusiyada bizga nima to`g`ri kelmaydi, undan nimani saqlab qolish lozim, qanday yangi o`zgartirish taklif etilmoqda, u xalqimizni og`irini engil qiladimi-yo`qmi, yoshlarimizning talablari, qolaversa, kelajakdan umidlari qanday, degan qator dolzarb savollarga javob berish zarur.
Zero, hozirda zamonaviy konstitusiyalar bundan yuz yil oldin dolzarb bo`lmagan – atrof-muhit, gender tengligi, inson, ayniqsa, nogironligi bo`lgan shaxslar, kelajak avlod huquqi, erkinligi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kabi hayotiy masalalarni qamrab olgan.
Konstitusiyaviy islohotlarni bevosita xalq bilan bamaslahat amalga oshirish maqsadida O`zbekiston Parlamentining palatalari kengashlarining qo`shma qarori bilan Konstitusiyaga o`zgartirish kiritish yuzasidan Konstitusiyaviy komissiya tuzildi.
Konstitusiyaviy komisiyasining ma`lumoti bo`yicha, shu kungacha hayotimizning turli jabhalarini qamrab olgan 150 mingdan ziyod turli taklif-mulohozalar kelib tushgan va takliflar kelishi hanuz to`xtamayapti. Kuyunchak xalqimizning turli qatlamlaridan kelgan takliflar yurtimida mavjud muammolarni aniqlash, ularni qonun yo`li bilan hal etish imkoniyatini berdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev Konstitusiyaviy qonun loyihasi referendumga olib chiqishdan oldin uning chinakam xalqchilligini ta`minlash maqsadida xalq bildirgan takliflarni va ularda aks etgan muammoli masalalarni har tomonlama chuqur o`rganish, tahlil qilish, qolaversa, xalqimiz iborasi bilan aytganda “etti o`lchab, bir kesish” uchun mazkur siyosiy-huquqiy jarayonda shoshmaslik tashabbusi bilan chiqdi.
Davlatimiz rahbari mukammal va xalqchil Konstitusiya yaratish uchun «shoshilishning hojati yo`q”, deb aytganlarining sababi, fikrimcha, quyidagilar bilan izohlanadi.
Avvlambor, hozirda fuqarolarmiz Yangi O`zbekistonni barpo etishda amlga oshirilayotgan islohatlarning bevosita ishtirokchisiga aylangan. Bugun jamiyatimizda erkin fikr bildirish, ochiq muloqot muhiti shakllangan. Mazkur fikrni Konstitusiyaviy qonun loyihasiga kelib tushgan ming-minglab takliflar va ularja bildirilgan fikr-mulohazalar mohiyatan turli-tuman ekani isbotlab turibdi.
Konstitusiya loyihasini yanada chuqurroq qayta ko`rib chiqishdan ko`zlangan yana bir bosh maqsad – o`z fikr-mulohazalarini bildirayotgan, Konstitusiyamiz haqida qayg`urayotgan fuqarolarning takliflarini birma-bir o`rganish, ularning birortasini ham e`tiborsiz qoldirmaslik.
Negaki, aholimiz – yoshu keksa, jamiyatda qanday rahbariyat bo`lishidan qat`i nazar, mening Konstitusiyam mening haq-huquqimni himoya qilsin, farovon hayotimni ta`minlasin, deyapti. Shuning uchun, konstitusiyaviy komissiya 1 avgustdan keyin – Konstitusiviy qonun loyihasi muhokamasi tugallangandan so`ng ham o`z faoliyatini davom ettirmoqda. Hozirgacha komissiyaga yana 2500 ga yaqin taklif ham kelib tushdi.
Bildirilgan takliflar, nima uchun qabul qilingani yoki nima uchun inobatga olinmaganligi yuzasidan har bir fuqaroga javob berish lozim bo`ladi. Binobarin,har tomonlama mukammal, xalqchil, odamlarning muammolari echimiga kafolat bo`la oladigan konstitusiyani yaratish uchun xalq bilan bamaslahat ish olib borish kerak. Toki, har bir fuqaro bu mening Konstitusiyam, uning muallifi – biz, deb ayta olsin.
S.Jo`raev,
Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti Professori, siyosatshunoslik fanlari doktori.






