Sal avval, 25 oktyabr kuni respublikaning turli hududlaridan issiqxonalari gazdan uzilgan tadbirkorlar norozilik bildirib, Toshkentda to`planganligi xabari prezidentga etib borgani va davlat rahbari Sardor Umurzoqovga tezkor topshiriq berganligi haqida xabar qilgan edik.
Shundan so`ng Sardor Umurzoqov boshchiligida mas`ullar ishtirokida tezkor yig`ilish boshlandi.
Yig`ilish davomida issiqxona egalari bo`lgan tadbirkorlar ham tinglandi. Ular o`zlarini qiynayotgan muammolar, faoliyatidagi og`riqli masalalar va ular yuzasidan o`z takliflarini bildirishdi.
Ma`lumki, mavsum paytida issiqxonaning har bir kuni o`ta muhim bo`ladi. Bu nafaqat o`sha tadbirkor uchun, balki O`zbekiston oziq-ovqat ta`minoti va xavfsizligi uchun ham juda ahamiyatli.
Ma`lum bo`lishicha, "Hududgazta`minot" AJ 700 gektardagi 268 ta issiqxonani tabiiy gazdan uzib qo`ygan. Buning oqibatida 70 ming tonna hosil, 30 million dollarlik eksport yo`qotilishi, eng asosiysi gazdan uzilgan issiqxonalarda band bo`lgan 10 mingga yaqin aholi ishsiz qolishi mumkin.
Shuni inobatga olib, Energetika vazirligiga gaz ta`minotidan uzilgan barcha issiqxonalarni 1 kun ichida gaz bilan qayta ta`minlash topshirig`i berildi.
Shuningdek, Hisob palatasiga tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda mazkur holat yuzasidan "Hududgazta`minot" AJning hududiy boshqarma boshliqlari harakatiga huquqiy baho berish, agar ularning harakatida jinoyat alomatlari aniqlansa, qonuniy tartibda javobgarlikka tortish masalasini ko`rib chiqish yuzasidan topshiriq berildi.






