Ijtimoiy tarmoqlarda surxondaryolik 4 yoshli bemor bola tanasida operasiya payti bint qolib ketganligi haqida xabarlar tarqaldi. Sog`liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma`lum qildi.
Aniqlanishicha, Surxondaryo viloyati, Termiz shahri, Tinchlik mahallasida yashovchi 2018 yilda tug`ilgan K.A.ga 2020 yil 12 martda viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi shifokorlari tomonidan “O`ng tomonlama chov yorg`oq churrasi” tashxisi qo`yilgan. Shundan so`ng bemor mazkur muassasada malakali jarroh A.O. tomonidan muvaffaqiyatli operasiya qilingan. Amaliyotdan so`ng K.A.da jarohatlar asoratsiz bitgan va operasiyadan 5 kun o`tib, uyiga ruxsat berilgan. Videolavhadagi bemor tanasida operasiya chog`ida bint qolib ketganligi to`g`risidagi vajlar esa haqiqatga zid. Qolaversa, o`sha vaqtda bolaning ota-onasi tomonidan tibbiyot muassasasiga jarrohlik amaliyoti yuzasidan hech qanday e`tiroz bo`lmagan.
Endi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhadagi yana bir holatga to`xtalamiz. Yuqorida aytganimizdek, avval bajarilgan operasiya bolaning chap chov sohasida muvaffaqiyatli o`tkazilgan va amalaiyotdan so`ng asoratlar kuzatilmagan. Biroq vaqt o`tishi bilan bemorning boshqa nuqtasi, ya`ni o`ng tomonlama chov yorg`oq churrasida xastalik yuzaga kelgan. Videolavhada xuddi shu manzara tasvirlangan.
Shu bois K.A. joriy yil yana jarrohlik amaliyotiga muhtojligi tufayli 25 oktyabr kuni viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markaziga davolanish uchun yotqizildi. Yakuniy tibbiy tekshiruvlardan so`ng u 27 oktyabr kuni onasining iltimosiga ko`ra, avvalgi jarrohlik amaliyotini bajargan malakali shifokor A.O. tomonidan operasiya qilindi. Ayni paytda bolaning ahvoli yaxshi va u shifokorlar nazorati ostida tibbiy muolajalarni davom ettirmoqda.
Shu o`rinda ta`kidlash kerakki, tibbiyot xodimlarining sha`ni, qadr-qimmati, ishchanlik obro`siga putur etkazish maqsadida bunday yolg`on va noxolis ma`lumotlarni e`lon qilish nafaqat qonun talablari, balki axborot etkazish etikasiga ham to`g`ri kelmaydi. Shu sababli vazirlik mazkur asossiz xabarni tarqatish holati yuzasidan tegishli tashkilotlarga murojaat qiladi.






