1

​Meningit nega kuzda avj oladi?

Salomatlik 29.10.2022, 18:49
​Meningit nega kuzda avj oladi?

Kunlar sovib, havo haroratining sezilarli darajada o`zgarishi aholi orasida turli yuqumli kasalliklarning avj olishiga zamin yaratadi. Ulardan biri meningitdir.

Xo`sh, u qanday kasallik? Meningitning kelib chiqish sabablari nimalardan iborat?

SSV Matbuot xizmatining ushbu savollariga Respublika virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi bosh shifokori Muhayyo Asilova javob berdi.

— Meningit — o`ta yuqumli kasallik bo`lib, bosh va orqa miyaning yallig`lanishi hamda umumiy intoksikasiya belgilari bilan kechadi, — deydi mutaxassis. — Bunda yuqori tana harorati, miya shishishi, bosh chanog`i ichida bosim ko`tarilishi kuzatilib, orqa miya suyuqligining likvori o`zgaradi. Aksariyat hollarda kasallikka virus, ba`zida bakteriya, zamburug`lar yoki oddiy mikroorganizmlar ham sababchi bo`ladi. 

Hatto, bakteriya va virus birgalikda ham kasallikni keltirib chiqarishi mumkin. Meningit juda tez avj oladi. Agar bemor tana harorati to`satdan ko`tarilgan vaqt unga o`z vaqtida tibbiy yordam ko`rsatilmasa, bu holat o`lim bilan tugaydi.

Ushbu kasallik asosan havo haroratining o`zgarishi, ovqat rasionidagi cheklashlar va vitamin etishmasligi sababli kelib chiqadi. Qolaversa, immunitet pastligi, pnevmoniya, faringit, otit, gripp, tuberkulyoz, sifilis, OITS, jigar sirrozi, kuchli stress, nevroz, bosh miya chayqalishi, sovuq qotish, antibiotiklarni palapartish qabul qilish hamda kuchli dieta kabilar ham meningitni chaqirishi mumkin.

Xastalik qo`zg`atuvchisi odamdan odamga yuqqani bois ushbu infeksiyaga faqat insonlar chalinadi. Uning manbai infeksiyani tashuvchilar hisoblanadi. Bu xastalik yil davomida kuzatilishi mumkin, ammo uni ko`proq mavsumiy (kuz-qish va bahor) dard, desak to`g`ri bo`ladi.

Bu virus tashqi muhitga chidamsiz bo`lib, odam organizmidan tashqarida 30 daqiqadan so`ng nobud bo`ladi. Mikrob burun, halqum, orqa miya suyuqligi, qon va terida ko`payadi. Shu bois unga chalingan bemor infeksiya manbai hisoblanadi. Meningit istalgan yoshda uchrashi mumkin.

Biroq so`nggi yillardagi tahlillarga ko`ra, kasallik 70-80 foiz holatda 14 yoshgacha bo`lgan bolalarda kuzatilmoqda. U, ayniqsa, bir yoshli o`g`il-qizlarda og`ir kechadi. Chunki ularda immunitet tizimi yaxshi shakllanmagan bo`ladi.

Kasallikka chalingan insonning tana harorati 40 darajagacha ko`tariladi. Bemor bosh og`rishi, bosh aylanishi, tomoq achishishi, yutinishdagi og`riq, burun bitishi, ko`ngil aynishi, qusish, eshitish qobiliyatining buzilishi kabilardan shikoyat qiladi. Qolaversa, holsizlik, halqum orqa devorining shishi, qaltirash va sudirgi kuzatiladi.

Og`ir hollarda hushni yo`qotish, bolalarda talvasalar, kam hollarda esa gallyusinasiya yuzaga kelishi mumkin. Barcha klinik belgilar 1-2 kun ichida kuchayib boradi. Birinchi kun oxiri, ikkinchi kun boshlarida terida toshmalar tosha boshlaydi. Ular bir vaqtning o`zida terining barcha yuzalarida, ayniqsa, oyoqlarda paydo bo`ladi. Ba`zida barmoqlarning uchi, tovon, quloq supralarida ham rivojlanishi mumkin.

Bunday paytda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak. Sababi ushbu holatda xastalikka chalingan inson uy sharoitida emas, balki yuqumli kasalliklar shifoxonasida tibbiyot xodimlari nazorati ostida davolanishi lozim. Qolaversa, bemor xonadoni dezinfeksiya qilinishi va uning yaqinlari mutaxassis kuzatuvida bo`lishi maqsadga muvofiq.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1