Bugun Buxoro viloyatida o`tkaziladigan “O`zbekiston kubogi-2022” finalida Qashqadaryoning "Nasaf" jamoasi Namanganning “Navbahor”i bilan bahs olib boradi.
Shu munosabat bilan "Nasaf"ning ashaddiy muxlislari uchun Buxoroga borishlari uchun 18 dona bepul avtobus ajratilgan. Muxlislar to`la avtobuslar bugun (30-oktyabr) kuboning final uchrashuvida ishtirok etish uchun Buxoroga allaqachon jo`nab ketishgan.
"Nasaf" va "Navbahor" jamoalari o`rtasida bo`lib o`tadigan hal qiluvchi bellashuv 17:00 da start oladi.
Muxlislar uchun barcha sharoitni yaratib bergan Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov o`zining murojaatini e`lon qildi.
"Murojaatim shuki, o`yin jarayonida muxlislik madaniyatiga amal qilishingizni, raqib jamoa va muxlislariga o`zaro hurmatni saqlashingizni so`rab qolaman. Eng madaniyatli va tozakor muxlis nominasiyasiga loyiq ekanimizni ko`rsataylik!
Hurmatli muxlislar, nasib etsa, kubokni Qashqadaryoga olib kelishda siz azizlarni qo`llab-quvvatlashingiz juda muhim", - deydi hokim.






