31-oktyabr kuni Sochida Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan uch tomonlama muzokaralar o`tkazadi, deb xabar berdi TASS Kreml matbuot xizmatiga tayanib.
“Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining 2020 yil 9 noyabr, 2021 yil 11 yanvar va 26 noyabrdagi uch tomonlama kelishuvlarini amalga oshirish, Transkavkazda barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash bo`yicha keyingi qadamlarni ko`rib chiqish rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek davlat rahbarlari, savdo-iqtisodiy va transport aloqalarini tiklash va rivojlantirish masalalari ham muhokama qilishadi.
Kremlning qo`shimcha qilishicha, Putin va Pashinyan va Aliev o`rtasida ham alohida suhbatlar o`tkazish rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, uchrashuv Rossiya tomonining tashabbusi bilan o`tkaziladi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Vladimir Putin, Nikol Pashinyan va Ilhom Alievning Sochi shahrida bo`lib o`tadigan uch tomonlama uchrashuvi Armaniston va Ozarbayjon o`rtasida tinchlik shartnomasini tuzish sari harakatlanish imkonini berishini aytgan. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
"Muammolar hali ko`p. O`ylaymanki, ularning barchasi, jumladan, ertaga Sochida bo`lib o`tadigan uchrashuvda ham muhokama qilinadi. Bu qandaydir tarzda bir qator masalalar, jumladan, tinchlik shartnomasini imzolash yo`lida olg`a siljish bo`ladi, deb umid qilamiz", - deydi u.
O`tgan hafta Pashinyan shu yil oxirigacha Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasini imzolash istagi borligini aytgan. Uning so`zlariga ko`ra, chegarani delimitasiya qilish bilan bog`liq bitta muhim holat bor va Erevan delimitasiya ishlari tinchlik shartnomasi imzolanmaguncha yakunlanishiga umid qilmoqda.
Shuningdek, u 31 oktyabr kuni Sochida Rossiya Federasiyasi va Ozarbayjon prezidentlari Vladimir Putin va Ilhom Aliev bilan bo`lib o`tadigan uchrashuvda Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasining asosini tashkil etuvchi hujjatni qabul qilish va imzolashga tayyorligini ta`kidladi.






