Qurilish vazirligi mas`ullaridan iborat tezkor guruh Navoiy va Buxoro viloyatida nazorat tadbirlarini o`tkazdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Unga Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Do`stlik” MFYda qad rostlayotgan “Yangi O`zbekiston” massivlaridagi ayrim uy-joylarning devor monolitlari notekis terilgani, qurilish maydoni hududi chiqindilardan tozalanmagani ma`lum bo`lgan.
Ta`kidlanishicha bu joriy yilning iyun oyidan qurilishi boshlangan, 420 ta xonadonli 18 ta uy-joyga ega massivdagi normalarga amal qilmaslik bilan bog`liq birinchi holat emas. So`nggi 5 oyda qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi bo`yicha olib borilgan tekshiruvlar natijasida uy-joylarning tashqi pardozlash ishlari sifatsiz bajarilgani, devor yuza qatlamlari notekis qilinganligi, devor burchaklarida bir to`g`ri chiziqlik ta`minlanmagani, 11-sonli uyning poydevor armokarkaslari himoya qatlami 50 mm fiksatorlar bilan ta`minlanmasdan, amalda turli xil o`lchamdagi tabiiy toshlardan foydalanilgan holda karkas o`rnatish ishlari bajarilganligi aniqlangan.
Bu bo`yicha mas`ul xodimlarga tegishli ko`rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olingan. Qurilish ishlari boshlangandan beri massivda 16 marta tekshiruv o`tkazilgan bo`lsa, kamchiliklar o`z vaqtida bartaraf etilmagani sababli inspeksiya tomonidan 3 marta MJtKning 99-moddasiga asosan ma`muriy ish hujjatlari tayyorlanib, sudlarga oshirilgan.
Qurilish vazirligi tomonidan G`ijduvon tumani “Baraka” MFYda qad rostlayotgan “Yangi O`zbekiston” massivida qurilish bilan bog`liq kamchiliklar ko`zdan kechirilganda binoning qavatlararo ko`tarilish zinalarida loyihadan chiqib ketilgani aniqlangan. Loyihada oltitalik armaturalar ko`zda tutilgan bo`lsa, amalda to`rttalik armaturalar chiqarilgan. G`ishtlar notekist terilgan.






