Oliy Majlis Senatining rasmiy veb-sayti 2 noyabr kuni buzib kirilgani xabar berilgandi. Keyinchalik Marsh Golden deb nomlangan guruh bu ishni amalga oshirgani, uning asoschisi esa 14 yoshli bola ekani aniqlandi. Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazining ma`lum qilishicha, aybini tan olib intervyu bergan, o`zini guruh boshlig`i deb tanishtirgan bola aslida u emas.
Qayd etilishicha, mazkur ishni amalga oshirgan fuqaro Namangan viloyati Norin tumanida 3 noyabr kuni huquqni muxofaza qilish organlari tomonidan qo`lga olingan.
"Saytning zaifliklari borligi unga yaqinda xujum uyushtirilishi haqida 28 oktyabr kuni ogohlantirish yuborganman. Lekin kamchiliklar bartaraf etilmagan va menga javob qaytarishmagan. Shu sababdan men bu ishni amalga oshirishga qaror qildim. Bu ishim aslida jinoyat ekanligini bilmagandim" — degan u.
Shuningdek, u televidenie orqali o`zini Marsh Golden guruhining boshlig`i deb tanishtirgan bolaning aslida bu ishga umuman aloqasi bo`lmaganini, bu guruh egasi ham, asoschisi ham o`zi ekanini ta`kidlagan.
"O`g`lim shunaqa dasturlarga qiziqqani uchun unga 2022 yilda kompyuter olib bergandim. Keyin 3 noyabr kuni uyimizga soha xodimlari kelib, Senatning saytiga o`g`lim xujum qilganini, uning kompyuterini ko`rib, buni tastiqlashlarini aytishdi. Aniqlanishicha, haqiqatdan ham saytni u buzgan ekan. Men hammadan uzr so`rayman, qolganlardan ham farzandlari tarbiyasiga, ular qanday ishlar bilan shug`illanayotganiga e`tiborli bo`lishlarini so`rayman", — degan uning otasi.
Hozirda yig`ilgan daliliy ashyolar yuzasidan huquqiy baho berish maqsadida ekspertiza gurihi tayinlangani, holat yuzasidan surishtiruv tergov harakatlari olib borilayotgani ma`lum qilingan.






