Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli Uyshun oilaviy poliklinikasida xizmat vazifasini bajarib turgan 59 yoshli shifokor kaltaklandi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, poliklinikada 35 yildan buyon umumiy amaliyot shifokori (ayni paytda oilaviy shifokor) bo`lib ishlab kelayotgan X.D. qabuliga 2022 yil 3 noyabr kuni soat 18:30 atrofida bir notanish erkak 2 nafar ayol bilan kelgan.
Erkak shifokorga turmush o`rtog`ining betobligini aytib, uni tekshirib qo`yishini so`ragan. Shifokor unga bemorni tekshirguniga qadar oyoq kiyimidagi loyni tashqarida yuvib kelishini aytgan. Shundan so`ng erkak shifokorni haqoratlab, bo`ynidan bo`g`ib, ayovsiz mushtlab, tepkilab tashlagan.
Olgan jarohatlari oqibatida shifokor hushini yo`qotgan va tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo`limiga peshona, ikkala yonoq, yuz, burun usti, bo`yin sohasi yumshoq to`qimalari lat eyishi, ko`kargan jarohatlari, tirnalmalar, bosh chayqalishi tashxisi bilan yotqizilgan. Ayni paytda davo muolajalari davom ettirilmoqda.
Mazkur holat viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi nazoratiga olingani, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o`rganilayotgani ma`lum qilindi.






