Oshqozon osti bezi saratoni — o`sma kasalliklari orasida eng xavflisi. Chunki u sezilarli alomatlarsiz paydo bo`ladi. Shu bois bu xastalikka odatda ancha keng bosqichda tashxis qo`yilishi achinarli.
To`g`ri, vazn kamayishi va qon tarkibida qand miqdori oshishi bu dardga xos belgilardir. Ammo organizmdagi ushbu o`zgarishlar qachon va qanday sodir bo`lishi noma`lum. Agar shifokorlar bu borada aniq ma`lumotga ega bo`lsa, kasallikni erta tashxislash imkoniyati oshishi, shubhasiz.
Mazkur ehtiyoj Buyuk Britaniya olimlari izlanishlari uchun sabab bo`ldi. Ular yuqoridagi alomatlar bemorlarda qachon rivojlanishini o`rgandi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar berdi.
Buning uchun oshqozon osti bezi saratoniga chalingan 9 ming nafarga yaqin kishining tibbiy ma`lumotlari (turli davrlardagi tana vazni indeksi, qondagi qand miqdori) 35 ming nafar sog`lom insonlar ko`rsatkichlari bilan solishtirildi.
Yakunda ushbu xavfli dardga yo`liqqan odamlarda keskin vazn yo`qotish holati kasallik tashxisi qo`yilishidan ikki yil avval boshlangani ma`lum bo`ldi. Ya`ni ularda tana vazn indeksi sog`lom kishilarga nisbatan deyarli uch birlik pastligi qayd etildi.
Shuningdek, oshqozon osti bezi saratoniga chalinganlar qonida qand miqdori ortishi xastalik aniqlanishidan uch yil oldin boshlangani kuzatildi.
Olimlarning yakuniy xulosasiga ko`ra, qandli diabetdan aziyat chekayotgan bemorlarda ushbu o`sma kasalligi rivojlanish xavfi yuqori.
07.11.2022 10:45
Saratonning eng xavfli turini erta aniqlash usuli topildi
