Ijtimoiy tarmoq orqali maktab o`qituvchilari tomonidan hududdagi xonadonlarda yashovchi maktab yoshidagi bolalar haqida ma`lumotlar yig`ilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Va holat yuzasidan Xalq ta`limi vazirligi quyidagilarni ma`lum qildi:
Eng avvalo, Xalq ta`limi vazirligi tomonidan hududiy xalq ta`limi bo`linmalari va ta`lim muassasalarga hech qanday alohida topshiriqlar berilmaganligini ma`lum qilamiz.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi 140-son qaroriga muvofiq, maktab yoshidagi bolalarni umumiy o`rta ta`limga qamrab olish tuman (shahar) hokimliklari qarori asosida umumta`lim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) doirasida shu umumta`lim muassasasi tomonidan ro`yxatga olish orqali amalga oshirilishi belgilab qo`yilgan. Unga ko`ra maktab rahbariyati o`z maktabiga biriktirilgan mikrohududda yashayotgan va kelgusida maktabga kelishi mumkin bo`lgan bolalar to`g`risidagi ma`lumotga ega bo`lishi kerak.
Shu bilan birga, bu jarayon bugungi kunda elektron tizim orqali amalga oshirilib, buning uchun maktab pedagoglari uyma-uy yurishi zaruriyati yo`q. So`nggi 2 yildan buyon Toshkent shahri va viloyatlar markazlaridagi umumta`lim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari elektron shaklda (onlayn) amalga oshirilmoqda.
Buning uchun Vazirlikning elektron axborot tizimi (my.maktab.uz) tegishli vazirlik idoralar bilan intgerasiya qilingan holda ma`lumotlar olinmoqda. Xususan qabul jarayonlarida ota-onalarning yashash manzili to`g`risidagi ma`lumotlar Ichki ishlar vazirligining manzil-ro`yxat axborot tizimi bilan, mikrohudud (mahalla) to`g`risidagi ma`lumotlar esa axborot tizimlarni integrasiya qilingan holda aniqlanadi.
Joylardagi ayrim rahbarlarning “tashabbusi” bilan mikrohudud bo`yicha ma`lumotlarni yig`ish jarayoniga pedagog-xodimlarni jalb qilish va ularni faoliyatiga aloqador bo`lmagan ishlarga jalb qilish esa mutlaqo taqiqlanganligini eslatib o`tamiz.
Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni ma`naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta`lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarish chora-tadbirlari to`g`risida” 2018 yil 14 avgustdagi PQ-3907-son qaroriga muvofiq, umumiy o`rta ta`lim maktabi o`qituvchilarining dars va to`garak mashg`ulotlarini tashkil etish hamda sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar bo`yicha hisobotlar va qo`shimcha ma`lumotlarni talab qilish hamda xalq ta`limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog`liq bo`lmagan ishlarga jalb etish qat`iyan taqiqlangan.
Xalq ta`limi vazirligi barcha maktab direktorlari va pedagog xodimlariga ularning lavozim majburiyatlariga kirmaydigan ishlarga jalb etish qat`iyan ta`qiqlanganligini, bu kabi holatlar yuzaga kelgan taqdirda Vazirlikning 71-202-09-09 “Ishonch telefoni”ga murojaat etishlari mumkinligini eslatib o`tadi, deyiladi vazirlik xabarida.






