AsosiyJamiyat

Prezident tadbirkorlik faoliyatiga oid farmonni imzoladi

'Prezident tadbirkorlik faoliyatiga oid farmonni imzoladi'ning rasmi

Prezident "Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi farmonni imzoladi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Qaror bilan quyidagilar 2023 yil 1 yanvardan bekor qilinadi:

  • tadbirkorlik sub`ektining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to`g`risida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqida e`lon berish;
  • yangi import avtomobillarini sotish faqat yuridik shaxslar –ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan amalga oshirilishi;
  • elektr energiyasini elektr ta`minoti shartnomasida belgilangan hajmlardan (oylik shartnomaviy miqdordan) ortiqcha iste`mol qilgan yuridik shaxslarga elektr energiyasi etkazib berishni to`xtatib qo`yish;
  • yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlarni Yagona milliy mehnat tizimida hisobga olish orqali davlat soliq xizmati organlarida alohida hisobga qo`yish.

Shuningdek, 2023 yil 1 martdan boshlab:

  • soliq to`lovchilarga soliq organlarining tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo`yicha qarorlari ustidan to`g`ridan-to`g`ri sudga shikoyat qilish huquqi beriladi;
  • axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda mulkchilik shaklidan qat`iy nazar barcha yuridik shaxslarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali tijorat xizmatlarini ko`rsatishga ruxsat beriladi;
  • Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan amalga oshiriladigan bir shartnoma summasi BHMining 3 500 baravari va undan yuqori bo`lgan davlat xaridlari bo`yicha buyurtmalar to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar asosida bajarilishiga yo`l qo`yilmaydi;
  • vazirlik (idora, muassasa) va uning tarkibidagi tashkilot (muassasa) o`rtasida qiymati BHMning 3 500 baravari va undan yuqori bo`lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar bo`yicha xarid qilinishi taqiqlanadi.

Shu bilan birga, tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish vositalari tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan ishlab chiqariladigan va realizasiya qilinadigan tovarlar, bajariladigan ishlar, ko`rsatiladigan xizmatlarning inson hayoti va sog`lig`i uchun xavfsizligini, uning qonuniy manfaatlari himoyasini ta`minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, davlat xavfsizligini ta`minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida faqat normativ-huquqiy va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar asosida joriy etiladi.

Ma`lum qilinishicha, tadbirkorlik faoliyatini faqatgina quyidagi vositalar orqali tartibga solinadi:

  • tadbirkorlik sub`ektlarini davlat ro`yxatidan o`tkazish;
  • tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatining ayrim turlari bo`yicha lisenziyalash, ruxsat berish hamda xabardor qilish tartib-taomillarini joriy etish;
  • texnik jihatdan tartibga solish;
  • tarif va notarif tartibga solish;
  • qonunda belgilangan tartibda tadbirkorlik sub`ektlarining javobgarligini majburiy sug`urta qilish;
  • davlat nazorati;
  • raqobatni himoya qilish;
  • qonun bilan tadbirkorlik sub`ektlari hamda ularning mansabdor shaxslari javobgarligini o`rnatish;
  • hisobotlarni joriy etish;
  • o`zini o`zi tartibga soluvchi tashkilotga a`zolik (ishtirok etish) asosida o`zini o`zi boshqarishni joriy etish.
  • Qonunlar bilan tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning boshqa vositalari ham belgilanishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar