Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o`rinbosari Saida Mirziyoeva o`qituvchilarning zimmasiga keraksiz va noqonuniy vazifalar yuklash holatlariga o`z munosabatini bildirdi.
"O`qituvchilarni xuddi yigirma yil oldingi kabi yana xonadonlarni aylanib chiqishga va o`quvchilar ro`yxatini tuzishga majbur qilishayotgani haqida eshitib, juda xafa bo`ldim.
Men o`qituvchilarga bo`lgan munosabatni qayta ko`rib chiqish o`ta zarur deb hisoblayman va mutasaddilardan ularning zimmasiga keraksiz va noqonuniy vazifalar yuklashni bas qilishlarini so`rab qolaman.
O`qituvchilarning asosiy vazifasi — farzandlarimizga bilim berish orqali mamlakatimiz kelajagini ta`minlashdir.
Buning o`zi juda murakkab vazifa. Ta`lim yo`nalishida shundoq ham muammolar g`ij-g`ij bo`lib turganida, ustiga-ustak o`qituvchilar gardaniga yana qandaydir qo`shimcha vazifalar yuklash — bu endi ortiqcha", – deydi S.Mirziyoeva.
U o`qituvchilarni ortiqcha ishlarga majbur qilish nafaqat maktabga, balki O`zbekiston kelajagiga ham zarar ekanligini ta`kidlaydi.
"Men barcha mas`ul shaxslardan ushbu muammoni imkon qadar tezroq hal qilish va o`qituvchilardan dars berishdan boshqa barcha vazifalarni ozod qilishini so`rayman.
Hozir mamlakatimizda ta`lim birinchi raqamli ustuvor masaladir. Biz o`qituvchilarga tekin xizmatkor xodim sifatida qarashga barham berishimiz shart. Ular jamiyatning eng hurmatli va ardoqli qatlamiga aylanishi, buning uchun barcha birdek harakat qilishi zarur deb hisoblayman. Zero faqat ta`lim, faqat o`qituvchilar yordamidagina biz taraqqiyotga erisha olamiz. Farzandlarimiz kelajagi ularning hayotda o`z o`rnini topishlari uchun ham ustozlarimizni e`zozlashimiz shart!", – deya o`z fikriga nuqta qo`ygan prezidentning to`ng`ich qizi.
Saida Mirziyoevaning ushbu keskin chiqishidan sal o`tib, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbarining o`rinbosari Komil Allamjonov, Xalq ta`limi vazirligi hamda tegishli mutassaddilarga o`qituvchilar zimmasiga yuklatilgan barcha ortiqcha vazifalarni inventarizasiya qilish hamda ularni taqiqlash yuzasidan administrasiya tomonidan tegishli ko`rsatma berilganini ma`lum qildi.






