Ukraina Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari 11 noyabr, juma kuni Xersonga kirib keldi. Ma`lumotni Xromadskega shahar aholisi, mahalliy jurnalistlar va Xerson viloyati hokimiyatidagi manba tasdiqladi. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Avvalroq Ukraina ommaviy axborot vositalarida Xerson aholisi Ukraina Qurolli kuchlarini shahar ko`chalarida kutib olayotgan foto va videolar paydo bo`lgan edi. Xersondagi polisiya shtab-kvartirasida harbiylar Ukraina bayrog`ini osib qo`ygani tasvirlari ham chop etilgan.
Bundan tashqari, internetda Xerson viloyati ma`muriyati binosi oldida Ukraina bayroqlarini ko`targan odamlarning surati paydo bo`ldi.
Avvaliga na Ukraina rasmiylari, na Ukraina armiyasi Ukraina Qurolli kuchlari shaharga kirganini rasmiy ravishda e`lon qilmadi. Ammo Ukraina rasmiylari bunga “ishora”larni qoldirdi. Xususan, Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Ermak o`zining telegram-kanalida “11/11/2022” shaklidagi qisqa post joyladi.
Keyinroq Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi Ukraina Qurolli kuchlari bo`linmalari Xersonda ekanligini tasdiqladi va o`z bayonotida rossiyalik harbiylarning chekinish yo`llari Ukraina tomonidan nazoratga olinganini ma`lum qildi.
11 noyabr kuni ertalab Rossiya Mudofaa vazirligi Xersondan chekinish haqida xabar berdi.
Xersonni tark etish to`g`risidagi qarorni 9 noyabr kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishdagi qo`mondoni general Sergey Surovikinning hisobotidan so`ng e`lon qildi.
Eslatib o`tamiz, Xerson Ukrainaga ochilgan urushning boshidan beri rus armiyasi tomonidan qo`lga kiritilgan yagona mintaqaviy markaz edi va u mart oyining boshidan buyon (sakkiz oydan ko`proq vaqt davomida) Rossiya nazoratida ostida qolgandi.