AsosiyJamiyat

Moliyaviy hisobotlarni soliq va statistika organlariga berish talabi bekor qilinadi

'Moliyaviy hisobotlarni soliq va statistika organlariga berish talabi bekor qilinadi'ning rasmi

“Hisobot taqdim etish va arxiv hujjatlarini saqlash tartib-taomillarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–419-son, 10.11.2022 y.) qabul qilindi

Qarorga muvofiq:

yuridik shaxslar tomonidan 2022 yil 1 yanvardan keyin hisoblangan jismoniy shaxslarning ish haqi va boshqa daromadlari hamda soliq summalari to`g`risidagi arxiv hujjatlarini saqlash hamda arxivlarga topshirish majburiyati bekor qilinadi;

yuridik shaxslar 2022 yil 1 yanvardan davlat soliq xizmati va statistika organlariga elektron tarzda topshirilgan moliyaviy, soliq va statistika hisobotlarini saqlash hamda arxivlarga topshirish majburiyatidan ozod etiladi;

2023 yil 1 yanvardan buxgalteriya hisobi sub`ektlari moliyaviy hisobotlarni soliq va statistika organlariga har chorakda taqdim etish talabi bekor qilinadi;

2023 yildan aylanmadan olinadigan soliqni qat`iy belgilangan soliq stavkasi bo`yicha to`laydigan tadbirkorlar yillik moliyaviy hisobotlarni soliq organlariga topshirish majburiyatidan ozod etiladi.

2023 yil 1 yanvardan quyidagi statistik hisobot turlari bekor qilinadi:

- Birja faoliyati to`g`risida hisobot;

- Mehnat sharoitlari ahvoli to`g`risida hisobot;

- Hisoblangan ish haqi miqdori bo`yicha xodimlar sonining taqsimlanishi to`g`risida hisobot;

- Umumiy foydalanishdagi temir yo`l transporti xizmatlari to`g`risida hisobot;

- Tijorat banki faoliyati to`g`risida hisobot;

- Sug`urta tashkiloti faoliyati to`g`risida hisobot;

- Kichik qurilish tashkilotlari va mikrofirmalarda mavjud qurilish mashina va mexanizmlari to`g`risidagi hisobot;

- Quvur yo`li transporti faoliyati to`g`risida hisobot;

- Meva-sabzavot mahsulotlari xaridi to`g`risida hisobot.

2023 yil 1 maydan yuridik shaxslarga elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv, ichimlik suv ta`minoti, oqova suv va telekommunikasiya xizmatlari ko`rsatish bo`yicha shartnomalarni, ularning iste`moli to`g`risidagi hisobotlarni va kelgusi davr uchun shartnomaviy miqdorlar to`g`risidagi bir martalik va davriy hujjatlarni elektron rasmiylashtirishga ruxsat etiladi.

2024 yil 1 yanvargacha “Arxiv” axborot tizimini tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va ma`lumotlar bazalari bilan integrasiya qilib tadbirkorlarning hujjatlarini elektron qabul qilish, saqlash hamda so`rovga ko`ra taqdim etish amaliyoti yo`lga qo`yiladi.

    Boshqa yangiliklar