O`zgidromet 14-18 noyabr kunlari kutilayotgan ob-havo ma`lumotlarini e`lon qildi.
Unga ko`ra, bugun, 14 noyabr kuni O`zbekiston hududining katta qismida yog`ingarchilik kutilmaydi, faqat Qoraqalpog`iston, Xorazm viloyatida atmosfera fronti o`tishida yomg`ir yog`adi, Buxoro, Navoiy viloyatlarida esa biroz yomg`ir yog`ishi mumkin.
15 noyabrda O`zbekiston hududining katta qismida yog`ingarchilik kutilmaydi, faqat Volga bo`yi hududlaridan sovuq havo massalari kirib kelishida Qoraqalpog`istonning ba`zi joylarida yomg`ir yog`adi, Ustyurtda yomg`ir qorga aylanishi ehtimoldan holi emas.
16 noyabrda sovuq havo massasi respublikaning barcha hududlariga tarqaladi. Ba`zi joylarda yomg`ir yog`adi, ayrim joylarda yomg`ir qorga aylanishi mumkin. Qoraqalpog`iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yog`ingarchilik kutilmaydi. Kunduzgi havo harorati +5...+7 darajagacha pasayadi.
17 noyabrda yog`ingarchilik kutilmaydi, lekin sovuq havo massasining ta`siri saqlanib turadi. Havo harorati kechasi -2...0 darajagacha pasayadi, kunduzi quyosh hisobiga +8…+10 darajagacha isiydi.
18 noyabrda O`zbekiston hududiga Eron hududlaridan iliq va nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda, respublika bo`yicha ba`zi joylarda yomg`ir yog`ishi mumkin.
Hafta davomida respublika bo`yicha ba`zi joylarga tuman tushishi mumkin. 14-15-noyabr kunlari respublika bo`yicha ba`zi joylarda shamol 17-22 m/s gacha kuchayadi, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Navoiy, Jizzax viloyatlarining ayrim joylarida shamolning kuchayishi 25-28 m/s ga etishi mumkin.
14-18 noyabr kunlari respublikaning tog`oldi va tog`li hududlarida vaqti-vaqti bilan yog`ingarchilik (yomg`ir, qor) bo`ladi, 15-16 noyabrda Toshkent, Qashqadaryo, Namangan viloyatlarida ba`zi joylarda yog`ingarchilik kuchli bo`lishi mumkin, buning hisobiga tog`oldi va tog`li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.