Prezident farmoyishi bilan Saida Shavkatovna Mirziyoeva Prezident Administrasiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikasiyalar va axborot siyosati bo`yicha sho``ba mudiri lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu sho``ba yangidan tuzilgan bo`lib, Prezident Administrasiyasi rahbarining jamoatchilik fikrini o`rganish va axborot siyosati uchun mas`ul o`rinbosari tizimi tarkibiga kiradi.
Shuningdek, S.Sh.Mirziyoeva ijtimoiy soha, madaniyat va ta`lim sohalaridagi islohotlar ijrosining borishini ham nazorat qiladi.
Ta`kidlash lozimki, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bitiruvchisi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti magistri, iqtisodiyot fanlari nomzodi Saida Mirziyoeva ko`p yillar davomida turli sohalarda, shuningdek, 2019-2020 yillarda Prezident Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktorining o`rinbosari, 2020 yildan bugungi tayinlovga qadar Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish fondi vasiylik kengashi raisining o`rinbosari lavozimlarini egallagan.
Uning faoliyati davomida so`z erkinligini ta`minlash, vazirlik va idoralarning ochiqlik siyosati, matbuot xizmatlarini joriy etish, madaniyat sohasini rivojlantirish va gender tenglik masalalari bo`yicha ko`plab loyihalar amalga oshirildi.






