Bugun, 14 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.
Unda kun tartibidagi masalalar bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov boshchiligidagi hukumat a`zolari ishtirok etib, qonun loyihalari yuzasidan axborot berildi.
Majlisda deputat D. G`aniev O`zbekiston tomonidan Qirg`izistonga yoki Qirg`izistondan O`zbekistonga berilayotgan er maydoni ijtimoiy tarmoqlarda qizg`in muhokamalarga sabab bo`layotganligini aytib, ushbu er maydonlarining toifasi bo`yicha ma`lumotlarga oydinlik kiritishni so`radi.
Bosh vazir Abdulla Aripov Qirg`iziston bilan kelishuv bo`yicha muhim ma`lumotlarni ochiqladi.
Qayd etilishicha, haqiqatdan ham, internet tarmoqlarida tasdiqlanmagan raqamlar muhokama qilingan. Andijon suv ombori uchun Qirg`izistonga Andijon viloyati Qo`rg`ontepa tumanidan 1 ming 19 gektar yaylov er maydoni berilyapti. Albatta suv ombori maydoni 5 ming gektarga yaqin, qolgan er maydonini qanday kompensasiya qilindi degan tabiiy savol tug`iladi.
Qolgan 4 ming gektardan ortiq er maydonlari sobiq Ittifoq davrida (1970 yillarda) Andijon suv ombori uchun O`zbekiston tomonidan kompensasiya tariqasida berilgan. Arxiv hujjatlarini o`rganish jarayonida ma`lum bo`ldiki, sobiq Ittifoq davrida O`zbekiston tomonidan 200 km dan ortiq Kampirobod chap qirg`oq kanalini qurib berish majburiyati olingan. Afsuski, har xil sabablar bilan ushbu kanal qurilmasdan qolib ketgan. Aynan shu majburiyat bajarilmaganligi sababli, katta miqdordagi 8 mingdan 18 ming gektargacha bo`lgan er maydonlari o`zlashtirilmasdan qolganligi Qirg`iziston tomonidan uzoq yillar davomida ta`kidlab kelingan.
Agar “Andijon” suv omboridan Qirg`izistonning Botken viloyatigacha ushbu kanal va qo`shimcha gidrotexnik inshootlarni qurib berilsa, respublikamiz byudjetidan ko`p mablag` talab etiladi. Bundan tashqari, Andijon va Farg`ona viloyatlaridagi 20 dan ortiq aholi punktlarini ko`chirishga majbur bo`linadi.
"Eng achinarlisi, 2 ming gektardan ortiq qishloq xo`jaligida foydalanilayotgan er maydonlarini yo`qotishimiz mumkin edi. Shu bois, Namangan viloyatining Pop va Chust tumanlaridagi G`ovasoy uchastkasidagi tog`li hududdan 12 ming 700 gektar atrofida yaylov er maydoni kompensasiya tarzida berilishi taklif etilmoqda. Namangan viloyatidan saylangan deputatlarimizning xabari bor, taklif etilayotgan G`ovasoy uchastkasining 6 ming gektari baxsli hudud bo`lib, amalda Qirg`iziston fuqarolari tomonidan foydalanib kelinmoqda. Hisob-kitob qiladigan bo`lsak, 8 ming gektardan ortiq o`zlashtirilmagan qishloq xo`jaligi er maydoni uchun 12 ming 700 gektar yaylov maydonini taklif qilyapmiz", — deydi u.
Shuni alohida ta`kidlash joizki, hozirda amaliyotda chegara bo`yicha muxokamalarda o`rtacha bir gektar ekin eri uchun 2,5 barobar ko`p yaylov eri berish qo`llab kelinmoqda. Taklif etilayotgan qonun loyihasida 19,5 ming gektar emas, balki 13 ming 719 gektar yaylov er maydonlarini kompensasiya tariqasida Qirg`iziston tomoniga ajratilishi nazarda tutilmoqda (4 ming 127 gektari oldin berilgan).






