Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri, Mirzo Ulug`bek tumani “Navro`z” dehqon bozoridagi “Aloqabank”ning HUMO kartasi bankomatiga karta solinganidan so`ng, ushbu bankning avtokredit reklamasi qo`yilayotganligi to`g`risida video tarqaldi.
Mazkur holat keng muhokamaga sabab bo`lib, bu kabi reklamalar tufayli insonlarning qimmatli vaqti o`g`irlanishi aytilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi mazkur murojaat bo`yicha rasmiy bayonot bilan chiqdi.
"Amaldagi qonunchilikka ko`ra, bankomat — bank plastik kartasi saqlovchisiga o`z-o`ziga xizmat ko`rsatish rejimida naqd puldagi va bajarilgan boshqa operasiyalar bo`yicha sliplarni olish, shuningdek bank plastik kartasi orqali asosiy va qo`shimcha operasiyalarni amalga oshirish, jumladan mablag`larni hisobga kiritish va hisobdan chiqarish, bank plastik kartasining balansi va bankdagi hisobvaraq qoldig`i holati to`g`risida axborot olish va parollarni o`zgartirish imkonini beruvchi elektron-mexanik moslama hisoblanib, bankomatlardan o`z-o`ziga xizmat ko`rsatish kabi masofaviy bank xizmatlari ko`rsatishda foydalaniladi", — deydi agentlik.
Ma`lum qilinishicha, “Reklama to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 18-moddasiga asosan, reklama, tarqatilish shakllaridan yoki vositalaridan qat`i nazar, uni reklama sifatida identifikasiya qilish mumkin bo`ladigan tarzda boshqa axborotdan ajratilgan bo`lishi kerakligi belgilangan.
“Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining:
- 4-moddasiga muvofiq, iste`molchi tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to`g`ri va to`liq ma`lumot olish hamda hayoti, sog`lig`i va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo`lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning g`ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli etkazilgan moddiy ziyon, ma`naviy zararning to`liq hajmda qoplanishi huquqiga egaligi;
- 12-moddasiga muvofiq, iste`molchi o`zi sotib olgan tovar (ish, xizmat amaldagi normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan bo`lishiga va uning hayoti, sog`lig`i, atrof-muhit uchun xavfsiz bo`lishiga, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar etkazmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga egaligi;
- 19-moddasiga muvofiq, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko`rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko`rsatishi) shartligi;
- 21-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, sotuvchi (ijrochi) iste`molchini haq evaziga qo`shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo`shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko`rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilangan.
- “Banklar va bank faoliyati to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 65-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, bank shaxsni bankning xizmatidan yoki mahsulotidan foydalanish sharti sifatida bankning yoki o`zga uchinchi shaxsning boshqa bank xizmatidan yoki mahsulotidan foydalanishga majbur qilmasligi kerak.
"Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi ushbu murojaat yuzasidan o`rganishlar olib bormoqda va natijasi bo`yicha batafsil ma`lumot berilishini bildiradi", — deyilmoqa.






