AsosiyJamiyat

Prezidentning Toshkentdagi II butunjahon konferensiyasidagi nutqi

'Prezidentning Toshkentdagi II butunjahon konferensiyasidagi nutqi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta`lim berish bo`yicha ikkinchi Butunjahon konferensiyasi ochilish marosimida nutq so`zladi va tadbirni ochib berdi. Prezident o`z nutqida quyidagi fikrlarni ilgari surdi:

Siz, azizlarni Toshkent shahrida Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta`lim berishga bag`ishlangan Butunjahon konferensiyasining ochilishi bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Hurmatli konferensiya qatnashchilari!

Xonimlar va janoblar!

Siz, azizlarni Toshkent shahrida Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta`lim berishga bag`ishlangan Butunjahon konferensiyasining ochilishi bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Xalqaro anjumanda ishtirok etayotgan yuqori martabali mehmonlarimizga, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xorijiy davlatlar vazirlari va mas`ul vakillariga o`zimning samimiy hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

O`zbekiston zaminiga xush kelibsiz, qadrli mehmonlar!

Hurmatli do`stlar!

Xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida YuNESKO Bosh direktori Odri Azule xonimning shaxsan ishtirok etayotgani bizga alohida mamnuniyat bag`ishlaydi.

So`nggi yillarda YuNESKO bilan ta`lim, fan, madaniy meros, axborot va kommunikasiya sohalarida hamkorligimiz jadal rivojlanib bormoqda.

Jumladan, mazkur tashkilot ko`magida yurtimizdagi butunjahon madaniy meros ob`ektlarini asrab-avaylash, qadimiy Buyuk Ipak yo`lida mavjud bo`lgan madaniy aloqalarni qayta tiklash, ta`lim tizimi sifatini oshirish va barkamol avlodni tarbiyalash, O`zbekistonda yoshlarning mehnat ko`nikmalarini rivojlantirish bo`yicha qator muhim dastur va loyihalar samarali amalga oshirib kelinmoqda.

Fursatdan foydalanib, Azule xonimga va barcha chet ellik hamkorlarimizga bu muhim va sharafli ishga qo`shayotgan hissalari uchun tashakkur izhor etaman.

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Hozirgi vaqtda dunyo miqyosida kichik yoshdagi bolalarni sifatli maktabgacha ta`lim bilan ta`minlash borasida qator muammolar mavjudligini inkor etib bo`lmaydi.

Ko`plab mamlakatlarda qariyb 200 million bola maktabgacha ta`lim bilan qamrab olinmagani natijasida ularning boshlang`ich bilim olish imkoniyatlari cheklanmoqda.

O`z navbatida, keyingi bir necha yil davomida koronavirus pandemiyasi ta`lim sohasiga ham katta salbiy ta`sir ko`rsatgani sir emas.

Mana shunday sinovlar davrida barcha davlatlarning yaqin hamkorlikni yanada chuqurlashtirishi, xalqlarimiz o`zaro birlashib, muammolarni birgalikda hal etishi naqadar muhimligini yaqqol ko`rsatmoqda.

Shu ma`noda, bugungi anjumanimiz ham Barqaror rivojlanish maqsadlarining muhim yo`nalishi hisoblangan bolalar ta`limi masalasida barchamiz bir bo`lib, yangi yondashuvlar va echimlar ishlab chiqishimizga xizmat qiladi, deb ishonaman.

Aziz do`stlar!

Biz “inson qadri, uning huquq va manfaatlari – oliy qadriyat”, degan tamoyildan kelib chiqqan holda, mamlakatimiz aholisi uchun munosib turmush sharoitini yaratishni Yangi O`zbekiston siyosatining ustuvor yo`nalishi etib belgilaganmiz.

Bu borada, avvalambor, yoshlar va bolalarga e`tibor va amaliy g`amxo`rlik ko`rsatish, ularni jismoniy va ma`naviy barkamol etib tarbiyalashga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.

Bolalarni kichik yoshdan boshlab rivojlantirish, ularning o`qishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish orqali kelajakda yoshlarning o`zligini to`la namoyon etishiga mustahkam zamin yaratayapmiz.

Zero, bu kabi ezgu maqsadimiz yo`lida sarflangan investisiyalar ertaga bir necha barobar ortig`i bilan qaytishiga shubha yo`q.

Shu bilan birga, bola shaxsiyatining asosi aynan maktabgacha ta`lim yoshida shakllanishi, bu davrda uning intellektual va jismoniy kamoloti uchun poydevor yaratilishi hammamizga yaxshi ma`lum.

Hozirgi paytda yurtimizda 3 millionga yaqin maktabgacha yoshdagi bolalar bor.

Hech shubhasiz, ular bizning eng bebaho boyligimiz, erkin va farovon hayotimiz, yorug` kelajagimiz bunyodkorlaridir.

Shuni ham aytish joizki, yurtimizda yaqin o`tmishda bolalarni maktabgacha ta`lim bilan qamrab olish ko`rsatkichi 27 foizga tushib qolgan edi.

Deyarli barcha maktabgacha ta`lim tashkilotlarda zamonaviy texnologiyalar va qo`llanmalar yo`q, binolari ta`mirtalab edi.

Bu esa bolalarimizni to`laqonli sifatli ta`lim va tarbiya olishini cheklagan.

Holbuki, farzandlarimiz tarbiyasida eng asosiy bo`g`in hisoblangan maktabgacha ta`lim tizimining ijtimoiy hayotimizdagi o`rni va ahamiyatini hech narsa bilan o`lchab, baholab bo`lmaydi.

Biz islohotlarning birinchi kunlaridanoq mavjud ta`lim sohasini, xususan, maktabgacha ta`limni tubdan modernizasiya qilishga qaror qildik.

Shu maqsadda, yurtimiz tarixida ilk bor alohida Maktabgacha ta`lim vazirligini tashkil etdik.

Bog`chalarni zamon talablariga mos ravishda yangi bosqichga ko`tarish, ilg`or tarbiya uslublari va metodikalarini keng qo`llash, o`quv-moddiy bazasini kuchaytirishga katta e`tibor qaratmoqdamiz.

Sohani keng rivojlantirish uchun xususiy sektor kirib kelishiga ham qulay shart-sharoitlar yaratib berdik.

Bog`chalarda har bir tarbiyalanuvchi bola uchun Davlat byudjeti hisobidan subsidiyalar berila boshlandi.

So`nggi yillarda mamlakatimizda bog`chalar soni 6 barobarga ko`paydi. Olis va chekka hududlarda minglab oilaviy bog`chalar tashkil qilindi.

Tarbiyachi va pedagoglar soni ham 3 barobarga o`sib, 160 mingga etdi. Shuningdek, pedagog kadrlarning malakasini tizimli oshirib borish ishlari ham yo`lga qo`yildi.

Ushbu choralar natijasida bog`chalarda ta`lim va tarbiya oladigan bolalar sonini 600 mingdan 2 millionga etkazilib, qamrov ko`lami 70 foizga chiqdi.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

“Ta`lim va tarbiyada tanaffus bo`lmaydi”, degan hikmatli ibora sizlarga yaxshi tanish.

Shu sababli biz O`zbekistonda olib borayotgan demokratik islohotlarimiz jarayonida ta`lim tizimini zamonaviy talablar darajasiga ko`tarishga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz.

Jumladan, hozirgi vaqtda mamlakatimizda 10 mingdan ortiq o`rta ta`lim maktablari faoliyat ko`rsatmoqda.

So`nggi yillarda oliy o`quv muassasalari soni qariyb 2,5 barobar ko`payib, 186 taga etdi. Ularning 31 tasi dunyodagi etakchi universitet va institutlarning filiallaridir.

Oliygohlarga qabul kvotasi 3,5 barobarga ortganini, oliy ta`lim qamrovi esa 9 foizdan 38 foizgacha oshganini qayd etish lozim.

Sizlarga yaxshi ma`lumki, Buyuk ipak yo`lining chorrahasida joylashgan mamlakatimiz qadimdan jahon sivilizasiyasi va madaniyati rivojiga munosib hissa qo`shib keladi.

Diyorimizdan etishib chiqqan atoqli allomalar, algebra fani va algoritm tushunchasiga asos solgan Al-Xorazmiy, mineralogiya fanining tamal toshini qo`ygan Al-Beruniy, dunyoda Avisenna nomi bilan tanilgan mashhur tibbiyot olimi Ibn Sino, bir ming o`n sakkizta yulduzning koordinatlarini va harakatini aniq belgilab bergan buyuk astronom Mirzo Ulug`bek, Nil daryosining sathini o`lchovchi noyob uskuna yaratgan alloma Ahmad Farg`oniy kabi ulug` ajdodlarimiz o`zlarining bebaho asarlari, ilmiy va ijodiy kashfiyotlari bilan o`rta asrlardagi birinchi va ikkinchi sharq renessansi rivojiga ulkan hissa qo`shganlar.

Bu haqda so`z borar ekan, o`tmishda Buxoroda 300 dan ortiq, Samarqandda esa 120 ga yaqin o`z davrining universitetlari bo`lgan madrasalar faoliyat ko`rsatganini alohida ta`kidlash o`rinlidir.

Azal-azaldan bizning yurtimizda ta`lim bilan birga tarbiya masalasiga beqiyos ahamiyat berib kelinadi.

Buyuk o`zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy har tomonlama uyg`un rivojlangan, yuksak bilim va ma`naviyat sohibi bo`lgan komil inson g`oyasini ilgari surgani sizlarga yaxshi ma`lum.

XX asr boshida faoliyat ko`rsatgan ulug` ma`rifatparvar, atoqli adib va pedagog Abdulla Avloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan so`zlari biz uchun bugungi kunda ham muhim dastur bo`lib xizmat qilmoqda.

Biz yurtimizda uchinchi renessansni barpo etish masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qo`yib, uni milliy g`oya darajasiga ko`tarmoqdamiz.

Biz maktabgacha ta`lim va maktab ta`limi, oliy ta`lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni bo`lg`usi Renessansning to`rt uzviy halqasi, deb bilamiz.

Bog`cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o`qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uyg`onish davrining to`rt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz.

Bu borada biz o`zimizning milliy tajribamiz va jahondagi ilg`or yutuqlarini uyg`unlashtirgan holda faoliyat olib boramiz.

Barchamizga ayonki, ta`lim va tarbiya bor joyda albatta ilm, albatta madaniyat va taraqqiyot bo`ladi.

Ta`lim va tarbiya rivojlangan jamiyatda radikalizm va ekstremizm kayfiyatlari hech qachon ildiz otolmaydi.

Biz kelgusida ham bu yo`lda boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirib, 2025 yilda bolalarni maktabgacha ta`lim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga etkazish uchun barcha zarur choralarni amalga oshiramiz.

Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan ko`rsatkichlarga erishish doirasida 2025 yilga qadar 6 yoshli bolalarning 100 foizini maktabga tayyorgarlik dasturi bilan qamrab olishni maqsad qilib olganmiz.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Anjumanimizda jahonning 150 mamlakatidan vakillar tashrif buyurgani bugungi kunda maktabgacha ta`lim sohasini rivojlantirish global darajada dolzarb ahamiyatga ega ekanidan yaqqol dalolat beradi.

Ishonchim komil, mazkur konferensiya butun dunyoda 2030 yilga qadar maktabgacha ta`lim sohasiga oid siyosatni belgilab olish va shu orqali yosh bolalarga sifatli ta`lim berish yo`lida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishda yangi imkoniyatlar yaratadi.

Shulardan kelib chiqib, biz quyidagi muhim takliflarni ilgari surishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, shiddatli dunyoda turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan davrimizda eng zaif qatlam bo`lgan maktabgacha yoshdagi bolalar ham jiddiy aziyat chekmoqda.

Shu sababli, kichik yoshdagi bolalar uchun sifatli ta`lim berish muammolarini global darajada samarali hal qilish, bu masalalarga birgalikda tezkor echimlar va tizimli yondashuvlarni ishlab chiqish juda dolzarbdir.

Buni inobatga olib, mazkur xalqaro konferensiyani muntazam ravishda o`tkazib borishni taklif etamiz.

Ikkinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg`un bo`lgan ta`lim bo`yicha barcha sa`y-harakatlarimizni tizimli muvofiqlashtirish maqsadida Toshkentda YuNESKOning mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusimizni ma`qullaysizlar, deb ishonaman.

Shuningdek, Kichik yoshdagi bolalar ta`limi bo`yicha jahon tashkiloti bilan qo`shma loyiha va tadqiqotlarni olib borish, tarbiyaning yangicha uslublarini va metodik qo`llanmalarni tayyorlash uchun keng qamrovli dasturni ishlab chiqishni taklif etaman.

Shu bilan birga, mazkur yo`nalishda jahonda to`plangan ilg`or tajribalar, zamonaviy interaktiv o`qitish uslublari, amaliy bilim va ko`nikmalar bilan o`zaro almashish maqsadida tarbiyachilar xalqaro hamjamiyatini tashkil etish tashabbusini ilgari suramiz.

Uchinchidan, 2024 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan o`tkaziladigan kelajak sammitining umumiy kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri sifatida, kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta`lim berish masalasini kiritish hamda unga alohida sessiyani bag`ishlash muhimdir.

Bugungi konferensiya yakunlari bo`yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining bolalar tarbiyasi masalalari umumbashariy taraqqiyotga erishishning muhim omili ekani to`g`risida maxsus rezolyusiyasini qabul qilish ayni muddao bo`lar edi.

Ushbu hujjatda ota-onalarni bolalarning sifatli ta`lim va tarbiya olishi, ma`naviy va jismoniy barkamolligini ta`minlashdagi rolini, ularning qobiliyat va salohiyatlarini to`liq namoyon etish borasidagi mas`uliyatini yanada oshirish kabi masalalar o`z ifodasini topishi lozim.

Muhtaram xonimlar va janoblar!

Bugungi konferensiya qizg`in munozara va o`zaro fikr almashuvlar ruhida o`tishiga, unda yangi g`oya va tashabbuslar, aniq taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqilishiga ishonaman.

Anjuman yakunlari bo`yicha qabul qilinadigan Toshkent deklarasiyasi kelgusida ushbu yo`nalishda biz birgalikda amalga oshiradigan sa`y-harakatlarimiz uchun asos bo`lib xizmat qilishi shubhasiz.

Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam salomatlik va omadlar, anjuman ishiga esa ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

E`tiboringiz uchun rahmat.

    Boshqa yangiliklar