Bu haqda Toshkent shahar prokurori o`rinbosari Ulug`bek Mamarajabov 2022 yilning 10 oyida poytaxt hududida qonuniylik holati va jinoyatchilik ahvoli hamda qiynoq masalalari yuzasidan bergan hisobotida ma`lum qildi.
Ma`lum qilinishicha, sog`liqni saqlash sohasida mavjud salbiy holatni bartaraf etish maqsadida 27 ta tekshirish va o`rganishlar o`tkazilib, natijasida poytaxtdagi 40-50 yil avval qurilgan 19 ta tibbiyot muassasasi va 8 ta sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi xizmatiga zarur bo`lgan tibbiy va boshqa jihozlarni sotib olinishi uchun ehtiyoj mavjudligi aniqlangan.
Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qarori bilan binolarni ta`mirlash va zarur tibbiy jihozlarni sotib olinishi uchun 97 milliard 656 million so`m mablag`lar ajratilgan.
Shuningdek, hisobot davrida shahar bo`yicha 220 nafar go`dak o`limi qayd etilib, bu ko`rsatkich 2021 yilning mos davriga nisbatan 57 taga kamaygan.
Har bir o`lim holati tibbiy kengashda muhokama qilinib, natijasi bo`yicha 65 nafar tibbiyot xodimi intizomiy javobgarlikka tortilgan.
"Shahar prokuratura organlari tomonidan ushbu yo`nalishda o`tkazilgan o`rganish va tahlillar natijasi bo`yicha jami 53 ta taqdimnomalar kiritilgan hamda natijasi bo`yicha 176 nafar tibbiyot xodimlari intizomiy javobgarlikka tortilgan", deyiladi Mamarajabov hisobotida.






