Farg`ona viloyatining Rishton tumanida tibbiyot xodimi kaltaklandi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, 12 noyabr kuni soat 04:00 larda Rishton tumani “Oqtomir” MFYda yashovchi fuqaro T.T. tuman tez tibbiy yordam bo`limiga qo`ng`iroq qilib, otasi 1942 yilda tug`ilgan T.G`. ning sog`ligi yomonlashganligini ma`lum qilgan.
Tez yordam xodimlari T.T. ning yashash xonadoniga borib, bemorga birinchi tibbiy yordam ko`rsatib, uning qon bosimi ko`tarilganligi sababli tuman markaziy shifoxonasiga olib ketayotgan vaqtlarida bemor T.G`. vafot etgan.
Otasining vafot etganligidan g`azablangan T.T. va uning o`g`li G`.X.lar tez yordam xodimi B.Z. ni urib, unga tan jarohati etkazishgan.
Mazkur holat yuzasidan Rishton tuman IIB huzuridagi tergov bo`linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.






