O`tgan haftada Er yuzida 2,3 milliondan ortiq kishiga COVID-19 tashxisi qo`yilgan. Ularning qariyb 7,5 ming nafari kasallik oqibatida hayotdan ko`z yumdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining navbatdagi hisobotida qayd etilishicha, 7-13 noyabr kunlari koronavirusni yuqtirish holatlari undan avvalgi haftaga nisbatan 2 foizga oshgan. O`lim ko`rsatkichlari esa 30 foizga kamaydi.
Bemorlar sonining keskin ko`payishi G`arbiy Tinch okeani mintaqasi (+18 foiz), Janubi-Sharqiy Osiyo (+15 foiz) hamda Janubiy va Shimoliy Amerikada (+12 foiz) qayd etildi.
O`lim ko`rsatkichlarining sezilarli kamayishi asosan Afrika (-86 foiz), Janubi-Sharqiy Osiyo (-80 foiz) va Evropada (-41 foiz) kuzatildi. G`arbiy Tinch okeani (+14 foiz) va Sharqiy O`rta er dengizi (+7 foiz) mintaqasi mamlakatlarida aksincha, o`sish dinamikasi aniqlandi.
O`tgan haftada eng ko`p bemorlar ro`yxatga olingan mamlakatlar:
Yaponiya — 503 766,
Janubiy Koreya — 355 990,
AQSh — 281 955,
Germaniya — 184 987,
Xitoy — 171 745.
Eng ko`p o`lim holatlari qayd etilgan davlatlar:
AQSh — 2 323,
Yaponiya — 552,
Rossiya — 436,
Xitoy — 410,
Fransiya — 390.






