Birlashgan Arab Amirliklar loukosteri “Air Arabia” O`zbekistonning tarixiy shaharlariga parvozlarni yo`lga qo`yish niyatida. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi xabar qildi.
Vazirlik vakillari yangi yo`nalishlarda qatnovlarni yo`lga qo`yish masalasini aviakompaniyaning tijorat menejeri Akram al Ismoil bilan muhokama qilishgan. Uchrashuv BAAning Toshkentdagi elchixonasida bo`lib o`tgan.
Mehmonlar Samarqand yoki Buxoroga parvozlarni yo`lga qo`yish rejalashtirilayotganini ma`lum qilishdi.
2023 yilda aviakompaniyaning Abu Dabidagi tayanch aeroporti ixtiyoridagi samolyotlar soni 8 tadan 15 taga ko`payishi kutilmoqda. Shuningdek, tomonlar O`zbekiston oziq-ovqat mahsulotlarini aviaqatnov orqali BAAga eksport qilish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.
Ma`lumot o`rnida, “Air Arabia” aviakompaniyasi asosan A-320 rusumidagi samolyotlar bilan ta`minlangan bo`lib, Sharja shahridan Toshkent shahriga haftasiga 3 marta qatnovlarni amalga oshiradi.






