AsosiyJamiyat

“Qo`limga qalam olib, yulduzlar ustidan arab harflarini yurgazdim. Natijada Alloh so`zi kelib chiqdi”

'“Qo`limga qalam olib, yulduzlar ustidan arab harflarini yurgazdim.  Natijada Alloh so`zi kelib chiqdi”'ning rasmi

Birinchi Prezident saytida O`zbekiston davlat bayrog`i haqida Abror Xonning “Istanbul daftari” kitobidan turk professori xotiralaridan e`lon qilindi. 

"Mustaqillikning dastlabki yillari davlatlar o`rtasidagi aloqalar misli ko`rilmagan darajada samimiy va do`stona tus oldi. Misol tariqasida eslaydigan bo`lsak, O`zbekiston prezidenti Islom Karimov Toshkentga kelgan katta-kichik barcha turk delegasiya a`zolarini shaxsan o`zi qabul qilar, ularning fikrlarini diqqat bilan tinglar edi. Ana shunday qabullardan biri haqida Istanbul universiteti professori, taniqli olim Nevzat Yalchintosh shunday so`zlab berdi:

Biz olti nafar mehmonni Prezident oltinchi qavatdagi ish kabinetida qabul etdi, biz u kishini bag`rimizga bosib, ozodlik-erkinlik bilan tabrikladik. U kishi ham mamnunligini yashirmadi. Suhbat ancha uzoq surdi, tilga olinmagan mavzu deyarli qolmadi.

– Xudoga behisob shukurlar bo`lsin, – deya hikoya qildi Prezident, – bugun ozodmiz. Men davlat plan qo`mitasi vaziri bo`lib turib, O`zbekistonda qancha oltin qazib olinayotgani to`g`risida ma`lumotim bo`lmasdi. Hisobot tugul, barcha oltinlar Zarafshondan to`g`ri Moskvaga olib ketilardi. Respublika xo`jaligi uchun, tasavvur qiling, oddiy mix yoki gugurt undirish uchun Moskvaning ruxsatini olish zarur edi. Kabinetma-kabinet yuraverib, holdan toyib ketardim!

Shunday xotiralardan so`ng Islom Karimov Moskvaning Toshkent boshiga solgan balolarini birma-bir sanay ketdi, ora-sirada Xudoga shukur, bugun bizga xalaqit beradiganlar yo`q, deb takrorlashdan charchamasdi.

Turk olimining xotirlashicha, prezident yangi ozod O`zbekistonning bayrog`i ustida bosh qotirayotganidan og`iz ochadi. N.Yalchintosh xafa bo`lmasangiz, bu haqda o`z fikrimni bildirsam, deb, bayroqda albatta musurmon davlati ekanini anglatuvchi oy va yulduzlar aks etib turishini tavsiya etadi.

-Mening ojizona fikrim bilan O`zbekiston bayrog`ida o`shatimsollar qo`llandi, deb da`vo qilolmayman, ammo har safar bu bayroqni ko`rganimda Islom Karimov bilan bo`lib o`tgan o`sha samimiy suhbatni eslab bir hayajonlanib qo`yaman. Bu bayroqni Istanbul universiteti professori Dogan Kargyul, davlat rahbarining yordamchisi bo`lib ishlab yurgan kezlarda rahmatli Turg`ut Ozalga ko`rsatganida, uning qo`lidan ohista olib, uni uch marta mehr bilan o`pib qo`yganini haliyam ko`p eslab turaman, deya ilova qildi turk olimi.

Domla bilan turli tadbirlarda ko`rishib turar edim, aloqalarimiz tobora samimiylashib bordi. Oradan yillar o`tib, professor bilan suhbatimiz yana bayroq mavzusiga borib taqaldi.

-O`zbekistondan chiqib qo`shni davlatni mustaqillik bilan qutlagani bordik. U respublika rahbariga ham Islom Karimov qabuli chog`idagi tavsiyalarimni tilga oldim. O`zbek rahbari men bergan taklifdan xursand bo`lganini orada qistirib ham qo`ydim. Va… afsuski taklifim qabul etilmadi!

O`sha davlat bayrog`ida oy va yulduz timsoli aks topmadi! Turk professorining menga gapirib bergan samimiy misollariga men ham javob qaytargim keldi.

Suhbatdoshimning e`tiborini bayrog`imizdagi yulduzlarning joylashganiga qaratdim. Qo`limga qalam olib, hatto chizib ham ko`rsatdim. Keyin qalamni yulduzlar ustidan arab harflarini yurgazdim.  Natijada – arab tilida ALLOH so`zi kelib chiqdi!

Domla o`rnidan irg`ib turib meni quchoqlab oldi. “Barakalla, barakalla, Islom Karimovning mardligiga hech qachon shubha qilmagan edim. Bu ishlari uchun O`zbekiston albatta barakotli yurt bo`ladi, inshaalloh”, deb duoga qo`l ochdi".

Mavzuga doir:

Islom Karimov o`z qo`li bilan chizib, komissiyaga taqdim etgan... O`zbekiston davlat bayrog`i yaratilish tarixini bilasizmi?

    Boshqa yangiliklar