O`zbekistonning xalqaro zaxiralari sezilarli darajada pasayib, 2022 yil 1 noyabr holatiga ko`ra, 32,3 milliard dollarni tashkil etdi.
Bu ko`rsatkich oktyabr oyi bilan solishtirilganda 1,1 milliard dollarga kamaygan. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Hisobotda keltirilishicha, oktyabr oyi davomida oltinning fizik hajmi 12,5 million troya unsiyadan 12,8 million troyaga oshgan bo`lsa, qiymati 20,977 milliondan 21,06 million dollarga ko`tarilgan.
Bundan tashqari, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valyuta miqdori oktyabr oyida 11,5 milliard dollarni tashkil qilgan bo`lsa, bu ko`rsatkich 1 noyabr holatiga ko`ra, 1,2 milliard dollarga kamayib, 10,2 milliard dollarni tashkil qilmoqda.
Shuningdek, O`zbekistonning yalpi xalqaro zaxiralari 2022 yil boshidan 2,82 milliard dollarga yoki 8,04 foizga kamaydi. Bunda oltin narxining yil boshidagi 1799,25 dollardan 1638,85 dollargacha pasayishining ta`siri 2,06 milliard dollarni tashkil qildi.






