AsosiyJamiyat

Toshkentda qurilish maqsadida yana daraxtlar nobud qilindi

'Toshkentda qurilish maqsadida yana daraxtlar nobud qilindi'ning rasmi

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko`chasi Do`stlik bog`i yaqinida yarim tunda daraxtlar kesildi. Mazkur holat Davlat ekologiya qo`mitasi tomonidan o`rganildi.

O`rganishlar davomida “VINERA TOWER” MChJ tomonidan qurilish qilish maqsadida hududdagi 2 tup qimmatbaho va 4 tup kam qimmatli bo`lgan jami 6 tup daraxt tegishli ruxsatnomasiz, qonunchilikka zid ravishda boshqa joyga ko`chirib o`tkazilganligi oqibatida  daraxtlar nobud qilinganligi, shuningdek, qurilish uchun kotlovan qazilishi natijasida 4 tup daraxtning ildiziga shikast etkazilganligi aniqlandi.

Ma`lumot o`rnida aytish kerakki, mazkur holat yuzasidan joriy yilning 27 sentyabr kuni Yakkasaroy tumani ekologiya bo`limi xodimlari tomonidan mazkur hududda xatlov o`tkazilib, 22 tup ko`p yillik daraxtlar mavjudligi aniqlangan. Ushbu daraxtlarni kesmaslik bo`yicha qurilish tashkilotiga majburiy ko`rsatma berilgan.

Shunga qaramasdan 2022 yilning 21 noyabr kuni qurilish tashkiloti tomonidan ushbu 22 tup daraxtlarning 6 tupi noqonuniy ravishda boshqa hududga ko`chirib o`tqazilgan. 4 tup daraxtning esa ildiziga shikast etkazilgan. Hozirda qurilish ishlari boshlangan hududda 16 tup manzarali daraxtlar mavjud.

Ushbu holat bo`yicha O`zbekiston Respublikasining “O`simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida”gi qonunining 32, 37-moddalari talabi buzilib, o`simlik dunyosiga ko`p miqdorda zarar etkazilganligi aniqlandi.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, daraxtlarning noqonuniy ko`chirilishi va shikastlanishi natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, o`simlik dunyosiga 218 mln 370 ming so`m miqdorida zarar etkazilgan. Amaldagi qonunchilik talablariga ko`ra, qurilish loyihalarini amalga oshirishdan oldin ekologik me`yoriy loyiha hujjatlari ishlab chiqilishi hamda majburiy tartibda Davlat ekologik ekspertizasidan o`tkazilishi belgilangan. Aniqlanishicha, mazkur qurilish ob`ekti bo`yicha qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat ekologik ekspertiza xulosasi olinmagan.

O`rganish natijasi bo`yicha to`plangan materiallar tegishli tartibda rasmiylashtirilib, tuman prokuraturasiga taqdim etildi.
Ma`lumot o`rnida, bundan oldin ham 2022 yilning 23 mart kuni “VINERA TOWER” MChJ tomonidan shu hududdagi 6 tup daraxt noqonuniy ravishda kesilgan va o`simlik dunyosiga 430 mln 515 ming so`m miqdorida zarar etkazilgan. Ushbu holat Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi tomonidan tegishli tartibda ramiylashtirilib, tuman prokuraturasiga taqdim qilingan va etkazilgan zararni undirish uchun 2022 yilning 16 sentyabrida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining ajrimi chiqarilgan. 

Eslatib o`tamiz, sal avval Toshkentdagi qurilish ob`ektida 16 tup qimmatbaho daraxt kesib tashlanishi oqibatida o`simlik dunyosiga 3,5 milliard so`mdan ortiq zarar etkazilgan edi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilgan va keltirilgan zarar qoplangani xabar qilingan edi.  

    Boshqa yangiliklar