O`zbekistonda kontarbandaga karshi kurashish, noqonuniy tovarlar aylanmasiga chek qo`yish bir qator tashkilotlar tomonidan birgalikda amalga oshiriladi. Darhaqiqat, avval birgina bojxona tizimida respublikaning turli hududlarida aniqlanayotgan kontrafakt tamaki mahsulotlar haqida xabar bergan edik. Ayni paytda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan ham aksiz markasiz tamaki mahsulotlarining muomalaga kiritilishining oldi olindi.
QARIYB 5 MING QUTI TAMAKI
Departamentning Pop tumani bo`limi tomonidan IIB va DSI xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Sh.X. va boshqalar fuqaro Sh.Sh.ning boshqaruvidagi “ISUZU” rusumli yuk avtotransport vositasida xorijda ishlab chiqarilgan 4 970 quti aksiz markasi bo`lmagan “Milano” nomli tamaki mahsulotlarini Samarqand viloyatida o`tkazish maqsadida olib ketayotganliklari aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 186-1-moddasi (tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.
UShLAB QOLINGAN TAMAKILAR NIMA QILINADI?
So`nggi paytlarda noqonuniy tamaki mahsulotlari savdosi va muomalaga kiritilishiga qarshi chora-tadbirlar, aniqlangan faktlar haqida ma`lumotlar keltirar ekanmiz, barchani bir savol qiziqtirishi tabiiy: olib qo`yilgan sifati kafolatlanmagan mahsulotlar nima qilinadi? Egasiga qaytariladimi, qonuniylashtirib, savdoga chiqariladimi? Javob aniq: fosh etilgan barcha kontrafakt mahsulotlari keng jamoatchilik guvohligida yo`q qilinadi. Darhaqiqat, Toshkentda ana shunday tamaki mahsulotlarini yoqib yuborish operasiyasi amalga oshirildi.
Toshkent shahar va Toshkent viloyati bojxona boshqarmalarining tezkor tuzilmalari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda joriy yilda aniqlangan 4 ta holatda noqonuniy muomaladan olib qo`yilgan va sud hukmiga ko`ra yo`q qilishi belgilangan, qiymati 297,4 mln. so`mlik 34,2 ming quti tamaki mahsulotlari jamoatchilik guvohligida yoqib yuborildi.
REYDLARDA...
Ushbu tamaki mahsulotlari quyidagi bojxona qonunbuzilishi holatlarida noqonuniy muomaladan olib qo`yilib, sud hukmiga qadar vaqtincha saqlovga olingan edi.
Jumladan, 2022 yil 30 mart kuni oldindan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi Zangiota tumani hududida to`xtatilib ko`zdan kechirilganida, yukxonada xorijda ishlab chiqarilgan va raqamli markirovka kodlariga ega bo`lmagan, qiymati 63 mln. so`mlik 7 ming quti tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi.
2022 yil 20- va 27-aprel kunlari poytaxtimizning Chilonzor tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirlarda avvaldan kuzatuvga olingan shaxslardan biri muqaddam noqonuniy yo`llar bilan olib kirilgan va sifati kafolatlanmagan, qiymati 82,1 mln so`mlik 8600 quti, yana bir shaxs esa 61,3 mln. so`mlik 5600 quti tamaki mahsulotlarini yuk mashinalariga ortayotgan vaqtida to`xtatib qolindi.
2022 yil 21 iyul kuni Toshkent viloyati bojxonachilari tomonidan aniqlangan navbatdagi holatda esa bojxona xodimlarini chalg`itish maqsadida qiymati 91 mln. so`mlik 4 turdagi 13 ming quti tamaki mahsulotlari yuk mashinasidagi yog`och eshik romlari orasiga mohirlik bilan yashirilgani fosh qilindi.
Mazkur holatlarda qonunbuzar shaxslardan olib qo`yilgan tamaki mahsulotlarini asosan “Milano”, “Esse”, “Mond” va “Marlboro” nomli sigaretlar tashkil qilmoqda.
Ma`lumot uchun: 2022 yil 22 noyabr holatiga ko`ra respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi turli idoralar bilan hamkorlikda aniqlangan314 ta huquqbuzarlik holatlarida qiymati salkam 19,2 mlrd. so`mlik 1 578 346 qutitamaki mahsulotlari ushlab qolingan. Aniqlangan holatlarining 71 tasi bo`yicha jinoyat ishlari qo`zg`atilgan. O`tgan yilning shu davriga nisbatan solishtirilganda, ushlab qolingan tamaki mahsulotlari 9 foizga ko`paygan.