O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg`onistonning Samangan provinsiyasida sodir bo`lgan terrorchilik xuruji yuzasidan bayonot berdi.
Bayonotda Aybak shahridagi asosan yoshlar qurbon bo`lgan portlash keskin qoralangan. Shuningdek, bunday zo`ravonlik harakatlari mamlakatda barqaror va uzoq muddatli tinchlik o`rnatishga hamda milliy kelishuvga erishishga to`sqinlik qilishi ta`kidlangan.
"Halok bo`lganlarning oila a`zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildiramiz, jarohatlanganlarning tez fursatlarda sog`ayib ketishini tilaymiz", deyiladi vazirlik bayonotida.
Eslatib o`tamiz, Aybak shahridagi "Jihodiya" madrasasida peshin namoziga barcha talabalar yig`ilgan vaqtda portlash sodir bo`lgan. Hodisa oqibatida 35 nafar odam halok bo`lgan, ularning 10 nafari o`quvchilardir.