Prezident «Izmir shartnomasini ratifikasiya qilish haqida»gi qonunni imzoladi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2022 yil 8 noyabr kuni qabul qilingan va Senat tomonidan 2022 yil 18 noyabr kuni ma`qullangan.
Ma`lumot uchun, Izmir shartnomasi 1996 yil 14 sentyabrda 10 ta davlat tomonidan imzolangan:
- Afg`oniston;
- Ozarbayjon;
- Pokiston;
- Qirg`iziston;
- Qozog`iston;
- Tojikiston;
- Turkiya;
- Turkmaniston;
- Eron;
- O`zbekiston
va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) ta`sis hujjati hisoblanadi.
Shuningdek, shartnomada Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining tashkiliy tuzilmasi, uning maqsadlari va faoliyat tamoyillari, shu bilan birga, moliyaviy masalalar va tashkilotda qarorlarni qabul qilish tartibi belgilangan.
O`zbekiston tomonidan Izmir shartnomasining ratifikasiya qilinishi Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga to`laqonli a`zo bo`lish uchun huquqiy asos yaratib, tashkilotga a`zo davlatlar bilan keng hamkorlik qilish imkonini beradi.
O`zbekistonning tashkilotda to`laqonli ishtirok etishi xorijiy investisiyalar hajmini oshirish, transport-logistika yo`laklarini, shu jumladan tranzit yuklarni tashish uchun tariflarni birxillashtirish yo`li bilan kengaytirish, shuningdek mamlakat hududlarining turistik jozibadorligini oshirish imkonini beradi.
Hujjat Qonun hujjatlari milliy bazasida e`lon qilingan va 6 dekabrdan kuchga kirgan.