Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda narkolaboratoriya fosh etildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, Yuqorichirchiq tumanida yaovchi, 1987 yilda tug`ilgan 2 nafar fuqaro mazkur tumandagi dala hovlilardan birida yashirin narkolaboratoriya tashkil etib, unda “Mefedron” sintetik narkotik moddasini tayyorlab, sotish bilan shug`ullanishgan.
Xonadon ko`zdan kechirilganda jami 1 kg. 12 gr. “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi, uni tayyorlashda foydalaniladigan kimyoviy suyuqliklar va boshqa zarur uskunalar borligi aniqlandi.
Shuningdek, ulardan biriga tegishli kafening alohida xonasida 18 gr. “opiy”, 33 gr. “gashish”, 2 gr. “Mefedron” narkotik moddalari borligi ham ma`lum bo`ldi.
Ular “Telegram” messenjeri orqali mijoz topib, narkotik moddalarni xufiya joylarga yashirib ketish orqali sotishgan.
Tezkor tadbirlar natijasida ular tomonidan Toshkent shahri va viloyati hududidagi 15 ta xufiya joyga sotish maqsadida 7 gr. “Mefedron” va 8 gr. “gashish” narkotik moddalari yashirib ketilganligi ham aniqlandi.
Shuningdek, qonunbuzarlar o`zlarining jinoiy harakatlariga 1993 yilda Farg`ona viloyatida tug`ilgan, kimyo sohasida bilim va ko`nikmaga ega bo`lgan fuqaroni jalb etishgan. O`z navbatida u zarur kimyoviy elementlardan foydalangan holda “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasini tayyorlagan.
Narkotiklarni xufiya joylarga joylashtirish bilan esa Yuqorichirchiq tumanida yashovchi, 2000 y.t. shaxs shug`ullangan.
Hozirda jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.