1992 yil 10 dekabr "O`zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to`g`risida"gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan kun. Bugun, O`zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganligiga ham 30 yil to`ldi. Xo`sh, davlat madhiyasining yaratilishi tarixi qanday bo`lgan? "darakchi.uz" ma`lumotlar asosida tarixga nazar soldi.
Madhiya musiqasi yaratilishi tarixi mustaqil O`zbekiston tarixidan avvalroqqa borib taqaladi. 1946 yilda SSSRning ilk madhiyasi paydo bo`lganidan so`ng O`zbekiston ham o`z madhiyasini yaratishga kirishadi. Madhiya musiqasi tanlovida o`sha vaqtlar endi ijodini boshlagan bastakor Mutal Burhonov musiqasi g`olib chiqadi.
"Boshqa yumushlarni chetga surib, butun vujudim bilan ishga kirishdim. O`zbek xalq musiqasining rangin ohanglarini izladim, chunki unda shashmaqomimizning gardun yo`li bor... Nihoyat, madhiyani tugatdim. Notalarini tayyorlab, konvertga soldim-da ustiga “Poema” deb shartli nom qo`yib, hay`atga jo`natdim", - deya yozgan bastakor o`zining “Ko`ngil xazinasi” kitobida.
1967 yilga kelib esa O`zbekiston SSR madhiyasi matniga Turob To`la tomonidan ayrim o`zgartirishlar kiritiladi, biroq musiqa o`zgartirilmaydi. O`zbekiston mustaqillikka erishganidan so`ng yangi davlat madhiyasini yaratish ustida ish boshlandi, tanlov e`lon qilindi. Tanlovga 40 yildan beri ijro etib kelinayotgan eski madhiya musiqasi ham nomzod asarlar qatoridan o`rin oldi. Unga Abdulla Oripov yangi matn yozdi. "Serquyosh" deb yuqori nota bilan boshlanuvchi yangi madhiya barchaning qalbidan joy oldi.
"Yangi e`lon qilingan tanlov qatnashchisi sifatida mustaqil davlatimiz parlamentida o`tirar ekanman, qalbim g`ururga to`la edi, chunki shu musiqa barchaning qalbidan joy olganiga ishonardim. Musiqaning yarmiga kelganida zalda olqishlar boshlandi..." - degan edi Mutal Burhonov.
Shu tariqa A. Oripov va M. Burhonov tomonidan yaratilgan asar O`zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi etib tasdiqlandi. O`shanda 1992 yilning 10 dekab kuni edi.
Ma`lumot uchun: Qonunga ko`ra, Davlat madhiyasi O`zbekiston Respublikasi Davlat suverenitetining ramzidir. Davlat madhiyasiga zo`r ehtirom bilan qarash O`zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchidir.