Joriy yilning 9-10 dekabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri o`rinbosari Xu Chunxua boshchiligidagi delegasiya O`zbekistonga keldi.
Tashrif yuzasidan Vazirlar Mahkamasida 9 dekabr kuni Bosh vazir Abdulla Aripov Xu Chunxua boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashuv o`tkazdi.
Xitoy an`anaviy ravishda mamlakatimizning etakchi va ishonchli hamkorlaridan biridir. Savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda.
Ma`lumotlarga ko`ra, 2021 yil yakunida O`zbekiston va Xitoy o`rtasidagi o`zaro savdo aylanmasi qariyb 8 mlrd dollarni tashkil etdi. Davlat rahbarlari ushbu ko`rsatkichni tez orada 10 mlrd dollarga etkazishni belgilab bergan.
Shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda 2 100 dan ziyod Xitoy kapitali ishtirokidagi korxona faoliyat yurityapti. Birgina 2022 yilning o`tgan 10 oyida O`zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokida 218 ta yangi korxona tashkil etildi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika, madaniy-gumanitar sohalaridagi hamkorlikni yana-da rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan o`zaro fikr almashildi.






