Farg`ona viloyati Qo`qon shahrida joylashgan xonadonda gaz chaqnashi oqibatida bir nafar fuqaro vafot etdi. Bu haqda viloyat FVB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 12 dekabr kuni soat 15:24 da Qo`qon shahar FVBning "101" qisqa raqamiga Alisher Navoiy mavzesi 101/13-uyda yashovchi 31 yoshli D.N. yashash xonadonida gaz chaqnashidan vafot etgani to`g`risida xabar kelib tushgan.
Olib borilgan o`rganish davomida aniqlanishicha, fuqaro D.N. xonadonidagi gazni tekshirib ko`rish maqsadida gugurt chaqqan paytda gaz va havo aralashmasi natijasida chaqnash sodir bo`lgan. Oqibatda D.N. hodisa joyida vafot etgan. U bilan birga bo`lgan ukasi B.N. tanasining turli joylaridan kuyish jarohati bilan Qo`qon shahar tibbiyot markaziga joylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan hozirda Qo`qon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari orlib borilmoqda.
Eslatib o`tamiz, avvalroq Andijondagi xonadonlardan birida yong`in chiqqani va bir kishi voqea joyida vafot etgani haqida xabar bergan edik.






