Angren neft bazasida avariya sodir bo`lib, 11 500 litr AI-80 benzin yoqilg`i mahsuloti to`kilgani haqida xabar bergan edik.
Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev ushbu neft bazaga oid ayrim savollarni o`rtaga tashlagan edi.
Bugun esa Farg`ona neftni qayta ishlash zavodi bu holat yoqilg`i ta`minotiga ta`sir qilmasligini e`lon qildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda Angren terminali normal rejimda ishlamoqda. Hodisa sabablari maxsus komissiya tomonidan o`rganilmoqda, uning xulosasi bo`yicha rasmiy munosabat beriladi.
Mazkur terminal Farg`ona neftni qayta ishlash zavodi mahsulotlarini, jumladan, benzin va dizel yoqilg`isini saqlash uchun tashkil etilgan. 2019 yilda hukumat qarori bilan FNPZ Angren terminali ham tarkibiga kiruvchi "Sanoat Energetika Guruhi" MChJ XK tuzilmasi bilan birgalikda ishonchli boshqaruvga o`tkazilgan.
Ushbu terminaldan har kuni Toshkent viloyati va Toshkent shahri iste`molchilari uchun 1000-1100 tonnaga yaqin benzin va 250-300 tonna dizel yoqilg`isi jo`natilmoqda.
"Shu bilan birga, ayni sovuq kunlarda yoqilg`iga talab ortib borayotganini inobatga olgan holda Farg`ona neftni qayta ishlash zavodida AI-80 benzinining sutkalik ishlab chiqarish hajmi 850 tonnadan 1000 tonnaga, suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmi 30 tonnadan 50 tonnaga oshirildi. Barcha mahsulotlar amaldagi me`yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq birja savdolari orqali sotiladi, shundan so`ng ular yoqilg`i quyish shoxobchalariga etkazib beriladi.
Ayni paytda neft bazalari, neftni qayta ishlash zavodlari yoqilg`i quyish shoxobchalarini benzin bilan ta`minlash uchun etarli zaxiraga ega. Xususan, 26,5 ming tonna "O`zbekneftgaz" (UNG Petro) yoqilg`i quyish shoxobchalarida sotilayotgan AI 80 markali benzin zaxirasi bo`lib, bu boshqa mahsulotlar qatori neft mahsuloti tannarxiga ta`sir ko`rsata olmaydi", — deyiladi xabarda.






