Hozir dunyoda “omikron”ning BA.4 va BA.5 versiyalari etakchi. Ammo hademay vaziyat boshqacha tus olishi mumkin. Buni xalqaro ekspertlar ikki oy avval prognoz qilgandi. O`shanda noyabrdan boshlab yangi mutasiyalar Evropada dominantga aylanishi aytilgandi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bugun "ko`hna qit`a"da BQ1.1 subvarianti keng tarqalmoqda. Mutaxassislar unga “serber” deb nom berishgan. Mazkur mutasiya o`ta yuqumli va immunitetga oson “chap berish” xususiyatiga ega.
Bir hafta ichida ikki baravar ko`paya olishi laborator tekshiruvlar davomida tasdiqlangan. Qolaversa, avvalgi shtammlarga nisbatan inson hujayralari bilan yaxshiroq aloqaga kirisha oladi. Shu bois ushbu variantni yuqtirganlar orasida shifoxonaga yotqizilish holatlari sezilarli darajada ortgan.
Ayni paytda BQ1.1 Daniya, Fransiya, Belgiya, Irlandiya, Niderlandiya va Italiyada shiddat bilan tarqalyapti. Xususan, Daniyada ushbu yangi subvariant uch oy ichida 0,5 foizdan 40 foizgacha ko`paydi. Kelgusi haftalarda u mamlakat bo`ylab dominantga aylanishi kutilyapti.
Shuningdek, AQShda ham mazkur “kichik shtamm” ulushi 40 foizga yaqinlashgan. Vaholanki, ikki oy avval bu ko`rsatkich atigi 2 foizni tashkil etayotgan edi. Prognozlarga ko`ra, profilaktik chora-tadbirlar kuchaytirilmasa, ushbu yangi mutasiya yaqin kelajakda dunyo bo`yicha dominant versiyaga aylanishi mumkin.
Shu bois, mutaxassislar, 60 yoshdan oshgan, yondosh kasalliklarga chalingan va immuniteti zaif kishilar, qolaversa, homilador ayollar birinchi navbatda buster doza bilan emlanishi zarurligini ta`kidlamoqda.






