AsosiySport

Qatar-2022. Kubok kimga nasib etadi? (video)

'Qatar-2022. Kubok kimga nasib etadi? (video)'ning rasmi

Xabaringiz bor bugun Argentina va Fransiya Qatarda bo`lib o`tayotgan musobaqaga "nuqta qo`yishadi". Oxirgi marotaba Rossiya yashil maydonlarida kurashganda Fransiya 4-3 hisobida g`alaba qozongan edi. Oradan 4 yil o`tib bu terma jamoalar finalda "uchrashmoqda". Xo`sh, qaysi milliy terma jamoaning g`alaba qozonish ehtimoli yuqori? "darakchi.uz" ayni shu mavzuda mutaxassislar fikri bilan o`rtoqlashdi.

- Argentina - Fransiya. Finalda qaysi terma jamoaning imkoniyatlarini yuqoriroq baholayabsiz?

Futbol sharhlovchisi Murod Rizaev:

"Argentina va Fransiya o`rtasidagi murosasiz kechadigan finalni kutyapman. 2018 yil bu terma jamoalar Jahon chempionatida kuch sinashgan. O`shanda ham murosasiz kechgan. 4-3 hisobida Fransiya g`alaba qozongan. Fransiya deyarli o`sha tarkibni saqlab qolgan, Argentinada biroz yoshargan tarkib. Lekin, ko`ryapmiz jangovarlik ruhiyati bor va Argentina  o`sha saralashdagi, "Copa America"dagi barcha o`yinlarini, deyarli barcha o`yinlarini kuzatib bordim. Messi bilan, Messisiz o`ynagan o`yinlari, "finalissima"ni o`zim sharhlagandim. Shu bois ham Argentina terma jamoasi haqida men ko`proq ma`lumot berolaman va o`yinchilarini "his qilaman". Shu bois ham bu chempionatda boshidan Argentina terma jamoasining imkoniyatlarini yuqoriroq baholaganman. Lekin, ta`kidlab o`tganimdek , Fransiyada deyarli o`sha chempion bo`lgan tarkib. Mbappe ham bo`lgan o`sha musobaqada. Hozir uning eng "gullagan" davri, bir o`zi ko`p narsani hal qilishi mumkin. Qolaversa hozir Grizmann markazda zo`r o`ynayapti.  

Bir narsa bizni yanglishtirishi, ikkilantirishi mumkin, Fransiya finalga o`zining eng kuchli tarkibi bilan tusholadimi yoki yo`qmi? Chunki hozir etakchi futbolchilarning sog`ligi bilan bog`liq ba`zi xabarlar chiqyapti. Benzemani chaqirishgan. Balki tomosha qilishgadir, bu ham hali aniqmas. Oxirgi turda baribir Benzemani tushirmasa kerak...  

Agar Fransiya terma jamoasi o`zining kuchli tarkibi bilan, sog`lom tarzda etib kelsa Argentinaga judayam qiyin bo`ladi.  

Lekin, Messi faktori bor, u ham o`yinni hal qilib qo`yishi mumkin.  

Juda qiyin taxmin qilish. Qaysi bir terma jamoa o`zining o`yinini raqibga "singdirsa"  o`sha terma jamoada ustunlik bo`ladi.  

Endi, Mbappe faktori, Messi faktori bilan hisoblaydigan bo`lsak durang natija bilan yakunlanishi ham mumkin. Balki penaltilar seriyasigacha ham etib borishi mumkin. Penaltilar seriyasida bilasiz omad..."

 

Futbol sharhlovchisi Hasan Turdialiev:

"O`zi sharhlovchi taxmin qilishi unchalik ham to`g`ri emas, lekin "taroziga tashlab" aytadigan bo`lsam Argentinaning imkoniyatlarini yuqoriroq baholayabman. Sababi, hozir ularning xohishi, motivasiyasi juda yuqori. Fransiya baribir chempion bo`lgan jamoa. Chempion bo`lgan jamoadan ko`ra chempionlikni xohlayotgan jamoa ikki hissa ko`proq motivasiya, ishtiyoq bilan o`ynaydi. Bundan tashqari hozir jamoa ancha jipslashdi. Murabbiy ham, futbolchilar ham nafaqat vatan uchun, balki Messi uchun o`ynayotganligi o`z intervyusida ham aytishmoqda. Bu juda katta kuch beradi.

Tarkiban olib qaraganda Fransiya deb aytgan bo`lardim, lekin fransuzlarda kamchiliklarni Marokash ko`rsatib berdi. Bunday vaziyatlar Messi, Di Mariya yoki Lautaro bo`ladimi, foydalanib ketadi bunday vaziyatlardan. Faqat marokashga shunday "qotil hujumchilar" etishmadi. Shu uchun Fransiyaning himoyasidan unchalik ko`nglim to`lmadi.

Baribir 50 ga 50, balki 55 ga 45, deb Argentinaning imkoniyatlarini yuqoriroq baholashimiz mumkin. Meni fikrim yarim finaldan keyin o`zgardi. Fransiyaning imkoniyatlari yuqoriroq deb o`ylayotgandim.  

Va yana bir narsani qo`shimcha qilardim, yo`qotishlar. Chiqayotgan xabarlarga qaraganda fransiyaliklar shamollamoqda va ularning hammasi himoya chizig`ida o`ynaydiganlar. Ular agar tushgan taqdirida ham yaxshi formada tushmasa bu Fransiya uchun juda katta yo`qotish bo`ladi".

 

Yakunlanayotgan mundialda qaysi terma jamoa yorqin taassurot qoldirdi?

Futbol sharhlovchisi Murod Rizaev:

"Bu so`zsiz Marokash terma jamoasi. Chunki men Marokashni bunchalik yuqori baholamagan edim. Hattoki Ispaniya terma jamoasi bilan bo`lgan o`yinda ham men Marokashni yutsa kerak, deb aytgandim. Chunki Ispaniya to`pni raqibga bermay o`ynaydigan jamoa. Lekin taxminimiz o`zini oqlamadi. Yaqqol favorit deb hisoblangan Ispaniya Marokashdan "o`tolmadi".  Penaltilar seriyasida Marokash yutib ketdi.  

Onalari bilan kelgan futbolchilar, yutqazgan paytida ham o`zlarini yaxshi taraflarini ko`rsatishmoqda. Juda tartibli va juda aqlli terma jamoa.  

Futbolchilar ham ma`nan, ham ruhan bahslarga yaxshi tayyorgarlik ko`rishgan. Guruh bosqichida 1 ta gol o`tkazib yubordi. Bu ham bo`lsa futbolchining kichik xatosi sabab avtogol bo`ldi. Bundan tashqari Ispaniyani yutish, Portugaliyani yutish bu o`z-o`zidan emas.  

Birinchi navbatda marokash va hayron qoldirdi deb Germaniyani aytolaman. Germaniyada zo`r avlod etishib chiqqan.  

O`zi murabbiylar balans saqlab, kuchini tejab zaxira kuchi bilan o`ynaydi va bosqichma-bosqich kuchayadi. O`sha narsa Germaniyada muvaffaqiyatli chiqmadi.  

 

Futbol sharhlovchisi Hasan Turdialiev:

"Bu Marokash. O`zi men Marokashdan ko`p narsa kutgandim. Ko`rsatuv tayyorlash jarayonida ularni  

"bosib o`tgan yo`llari"ni ko`rib chiqdim. O`zimda qandaydir "simpatiya" paydo bo`ldi bu terma jamoaga va rostdan ham "sensasiya" qilishini kutgandim.

Manzaraviy intervyusida: Biz hali hammaga "sensasiya" bo`lamiz, degan. Ishonch bilan aytgan, hazilomuz emas. Rostdan ham amalda shunday bo`lib chiqdi. U shunchalar moslashuvchan jamoa ekanki joyi kelganda "birinchi raqamli" jamoa bo`lib o`ynab ketyapti, joyi kelsa himoyalanapti.  

Hatto Fransiya bilan o`yinda qo`ridik o`yin taraflama Fransiyadan yaxshiroq taassurot qoldirdi".

 

O`zbekiston MTJning 2026-yilgi Jahon chempionatiga chiqish ehtimoli qanday?

Futbol sharhlovchisi Murod Rizaev:

Chiqish ehtimoli juda yuqori. Chunki, ma`lumotlarga qaraganda keyingi musobaqada 48 ta terma jamoa bo`ladi va Osiyoliklarga ko`proq o`rin beriladi. Men O`zbekistonni Osiyoda 3 yoki 4 terma jamoalardan deb hisoblayman. Faqat shu Abramov Saudiya Arabistoni bilan bo`lgan bahsda qandaydir noto`g`ri taktika qo`lladi deb o`ylayman. Chunki, Saudiyani biz ko`rdik, Argentinani yutdi. Qolgan ikki o`yinda ham zo`r o`ynashdi. Osiyo qit`asi sharafini munosib himoya qildi.  

Saudiya bilan O`zbekiston o`yini yaxshi eslayman, shu o`yinni o`zim sharhlagandim. 2 - 0 hisobida biz oldinda bo`lganmiz. Oxirida muvozanat yo`qolgandan so`ng g`alabani qo`lga chiqarganmiz.  

O`shanda agar biz Saudiyani yutganimizda balki biz ham chiqishimiz mumkin edi.  

Men ishonaman, 2026 yil O`zbekiston MTJsi Jahon chempionatiga ilk bor chiqishiga.

Futbol sharhlovchisi Hasan Turdialiev:

Buni ehtimoli katta, chunki format ham o`zgaradi. Umid qilamiz, chiqadi bu safar.  

Hozir yaxshi avlod etishib chiqyapti. Shomurodov ham eng kuchga to`lgan payti bo`ladi. Faqat, to`g`ri yondashilsa, mana hozir ko`ryapmiz  Katanes ham hujumkorlikni ancha oshirdi. Bir murabbiyga oxirigacha ishonib, potensialini bilib olishimiz kerak-da.  

Misol uchun Kuperni ham jamoa endi shakllanayotganda ketkazib yuborishdi. Shunday bo`lmasa Jahon chempionatiga chiqamiz deb o`ylayman".

Ma`lumot uchun, final Toshkent vaqti bilan 20:00 da “Lusayl” stadioni boshlanadi. Uni polshalik Shimon Marchinyak boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib boradi.

Argentina 5 ta finalning 2 tasida (1978, 1986) muvaffaqiyat qozongan, fransuzlar esa 3 ta ta finalning 2 tasida (1998, 2018) zafar quchgan. Shuningdek, “uch ranglilar” 2 ta bronza (1958, 1986) va bir bor kuchli to`rtlikdan (1982) joy olgan.

Eslatib o`tamiz, Argentina hamda Fransiya o`zaro 13 marotaba to`qnash kelgan. Ulardan 7 tasida janubiy amerikaliklar, 3 tasida evropaliklarning qo`li baland kelgan. Qolgan uch bahsda duranglar qayd etilgan.

Oybek Shukurov

    Boshqa yangiliklar