Ijtimoiy tarmoqlarda erkak kishining yosh qizga nomaqbul harakat qilgani aks etgan video tarqaldi. Ushbu fuqaroning ishi sudda ko`rib chiqildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Sadoqat Allaberganova xabar qildi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudida, ochiq sud majlisida, tuman sudi sudyasi R. Raxmanov raisligida MJtKning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlik yuzasidan 1971 yilda tug`ilgan shaxsga oid ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish ko`rib chiqildi.
2001 yilda tug`ilgan fuqaro Toshkent shahri Mirobod tumani IIO FMB boshlig`i nomiga yozgan arizasida Toshkent vokzali hududidagi avtobekat oldida o`ziga notanish bo`lgan o`rta yoshdagi erkak kishi noo`rin noqobul xatti-harakatlar bilan so`kinib jamoatchilik oldida o`zining past niyatlarini amalga oshirmoqchi bo`lganligi to`g`risidagi murojaati yuzasidan amaliy yordam berishni hamda holat yuzasidan vaziyatga huquqiy baho berishni so`ragan.
Sud majlisida huquqbuzar 2022 yil 15 dekabr kuni Mirobod tumani, Toshkent vokzali hududidagi avtobekat oldida o`ziga notanish bo`lgan kelishmovchilik sababli haqoratli so`zlar ishlatganligi haqida ko`rsatmalar berib o`tgan.
Sud majlisida arizachi sha`niga tegadigan xaqoratli so`zlar bilan xaqorat qilib, sharmanda qilganini bayon qilib, suddan huquqbuzarga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
Sudning qaroriga ko`ra, huquqbuzar MJtKning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor deb topildi va 15 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Qaror ustidan apellyasiya shikoyati (protesti) qaror o`qib eshittirilgan kundan etiboran yigirma sutka ichida, o`ziga nisbatan sud qarori chiqarilgan shaxs tomonidan esa, qarorning nusxalari unga topshirilgan yoki u tomonidan ushbu ko`chirma nusxalari olingan kundan etiboran xuddi shu muddat ichida berilishi mumkin.